Yangi hujjatli-badiiy film premyerasi: Qodiriy fonida bir joyda depsinib qolgan, yo‘lsizlik kasali bilan og‘rigan jamiyat ko‘rsatib berilgan

Saqlash
15:42 / 21.12.2021 2079 0

Kecha, 20-dekabr kuni Kongress xollda Toshkent Yoshlar forumi-2021 doirasida “Abdulla Qodiriy” hujjatli-badiiy filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

 

Premyerada O'zbekiston Xalq artisti Dilorom Karimova, ustoz jurnalist-olimlar Akbar Nurmatov va Nazira Toshpo‘latova, yozuvchining nabirasi Xondamir Qodiriy so‘zga chiqib, adib hayoti va ijodi haqida so‘zlab o‘tishdi. Film ssenariysi yozuvchi Farrux Jabborovning hali chop etilmagan “Assalomu alaykum, dorning og‘ochi” essesi asosida yozilgan.

Rejisyor Umid Hamdamov, ssenariy mualliflari Farrux Jabborov, Iqbol Qo‘shshayeva. Rollarda Elyorbek Atabayev, Vlamidir Yudin, Samiddin Lutfullayev, Sanjar Namozov, Nigora Nurmatova va boshqalar. Hikoyachi Erkin Bozorov. Badiiy rahbar Shuhrat Rizayev, loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov. Kartina Toshkent davlat Texnika universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan.  

Filmni tomosha qilgan bir qancha ziyoli yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarini yozib qoldirishdi.

 

Jumladan, filologiya fanlari nomzodi Nazira Toshpo‘latova shunday deydi:

 

Atoqli adib, millatning buyuk farzandi – Abdulla Qodiriy haqida real voqealar, tarixiy faktlarga yangicha, o‘ziga xos tarzda yondashilgan film bo‘libdi. Avvalo, ikki og‘iz ssenariy xususida. Taniqli publisistlar Farrux Jabborov va Iqbol Qo‘shshayevalar tomonidan yozilgan ssenariy publisistik ifodaning ustunligi,  hayotiyligi va detallarga boyligi bilan tomoshabin eьtiborini o‘ziga tortadi. Rejissyor Umid Hamdamov mehnati ham shunga yarasha bo‘lgan. Filmda Abdulla Qodiriy shaxsi, uning mashaqqatli hayoti, o‘sha davrning murakkab manzaralari, adib yaratgan asarlari, obrazlaridagi ishoralar  orqali ochib berilgan. Filmning boshidan oxirigacha kadr ortidan hassos shoir Rauf Parfining "Assalomu alaykum, dorning og‘ochi" deb nomlangan she’rining o‘qib turilishida ham o‘ziga xos ishora bor. To‘g‘rirog‘i, butun film shu she’r asosiga qurilgan. Kadr ortida Turkistonning  o‘sha davrdagi og‘ir ahvoli, yashash tarzi ishonarli tasvirlangan.

 

Yosh ijodkorlar kengashi raisi Mehrinoz Abbosova:

 

“O‘tkan kunlar” romanini o‘sha vaqtda o‘qigani uchun 10 ming odam qamalgan ekan. Tasavvur qilyapsizmi? Endi Qodiriyning o‘zi qay ahvolga tushganini taxmin qilavering. Abdulla Qodiriy haqidagi hujjatli-badiiy film haqida ko‘p so‘z aytmoqchimasman. Filmda eshitganim – hamma zamon va davr uchun mos keladigan bir iqtibosni keltirmoqchiman: “Sening jamiyatdagi mavqeying, farovon hayoting – katta yolg‘onga qanchalik hissa qo‘shishingga bog‘liq. Hukumatni adabiyotga aralashishi Otabekdek, Anvardek shaxslarni Obid ketmon darajasiga tushishga majbur qiladi. Iste’dodlar adabiy mardikorga aylanadi”. So‘zni siyosatdan ustun qo‘ygan Abdulla Qodiriy shaxsiyati va ijodiga berilgan to‘g‘ri va xolis qarash uchun, bugungi kun ziyolilariga qaratilgan muhim xulosalar uchun ham film ijodkorlariga rahmat!

 

Yosh shoir Xurshid Abdurashid:

 

Hujjatli film ancha kreativ ishlanibdi. Operator va rassomning ishi tahsinga loyiq. Umuman, ijodiy jamoa bir-birini to‘ldirib yaxshi film yaratishibdi. Hujjatli filmda Qodiriy hayotidagi salbiy qirralar ham aks etgani asarning yutug‘i. Ob’yektivlik yaxshi baribir. Yo‘qsa, Qodiriy obrazi qizil qahramon bo‘lib qolishi mumkin edi. Bu epizodda o‘sha sovet hukumatining tashabbusi bilan yozilgan "Obid ketmon" qissasiga urg‘u qaratilgan. Qolaversa, Qodiriy fonida  bir joyda depsinib qolgan, yo‘lsizlik kasali bilan og‘rigan jamiyat ko‘rsatib berilgan.  

 

Shoira Dilrabo Mingboyeva:

 

Haqiqat haqidagi haqiqatni tomosha qildik. To‘g‘rirog‘i, hujjatli film bilan badiiy filmning uyg‘unligidan bunyod bo‘lgan asarni ko‘rdik. Bugun Xondamir Qodiriy aytdilarki: “Qodiriy kabi shaxslarni qadrlash ham qadriyat”. Ha, harqalay, o‘zbek qadriyatlari supurgini turg‘azib qo‘ymaslik, ko‘zga tik qaramaslikdangina iborat emas. Bugun Abdulla Qodiriy ismli Haqiqatning egilgani, bukilgani va sindirilganini filmda ko‘rgan tomoshabinlarning deyarli hammasi unsiz yig‘ladi. To‘kilgan sho‘r ko‘z yoshlar va tiklangan bir Qadriyat muborak!

 

Psixolog Nigora Gʻaniyeva:

 

Hujjatli film deganda men faqatgina faktlardan va mutaxassislarning bergan fikrlaridan iborat kinoni tushunardim. Bugun Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan xujjatli film premyerasidan so‘ng fikrim o‘zgardi. Ba’zida xujjatli film badiiy filmdan ham ko‘ra tomoshabinni ta’sirlantira olar ekan. Zaldagi barchaning ko‘zi ekrandan uzilmadi. Bugungi kun uchun, ajoyib film uchun kinoijodkorlarga rahmat. Ssenariynavislarga alohida tashakkur.

 

Nodira IBROHIMOVA tayyorladi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//