Shuhrat Abdurahmonov Andijondagi maktab bitiruvchilarining OTMga kirish koʻrsatkichini sharmandali deb atadi

Saqlash
09:57 / 21.12.2021 770 0

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat aholisiga qilgan murojaatnomasida hududdagi maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasiga kirish boʻyicha koʻrsatkichlarini sharmandali holat deb atadi.

 

Taʼkidlanishicha, 2020-yilda maktab bitiruvchilarining 13 foizi oliygohlarga oʻqishga kirgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 26 foizga yetgan. Bundan tashqari, 2 ming 814 nafar 11-sinf bitiruvchilari professional taʼlimga oʻqishga qabul qilingan. 2022-yilda bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlarini 30 foizga yetkazish nazarda tutilgan.

 

Viloyat hokimi ushbu raqamlarga toʻxtalar ekan, koʻrsatkichlarni sharmandali holat deb atagan.

 

«Prezidentimiz oldimga ikkita — taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalari bilan shugʻullanasan deb juda ham katta vazifalarni qoʻygan. Ikkala tizimdagi kamchiliklarni hal etish bilan qattiq shugʻullanyapmiz. Andijonda maktab bitiruvchilarining 26 foizi oliy taʼlim muassalariga kirishi bu sharmandalik.

 

Nima uchun ularga bunday sharoitlarni yaratib beryapmiz? Nima uchun oʻqituvchilarning oyliklarini oyma-oy taʼminlab qoʻyyapmiz? Nima uchun prezidentimiz oʻqituvchilarning oyligini 1000 dollarga chiqaraman deb harakat qilyapti? Natija esa — 26 foiz.

 

Avvallari paxtada va boshqa ishlarda boʻldik deb bahona qilishardi. Bugun nimani bahona qiladi? Axir maktabini ham supurmayapti-ku? Biz ularga 26 foiz oylik toʻlamayapmiz-ku? Yuz foiz, oyma-oy sanab olyapti-ku, oyligini? Bu raqamlardan viloyat hokimi sifatida oʻzim ham uyalaman», degan Shuhrat Abdurahmonov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//