Jahon
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Uning taʼkidlashicha, vahimaga berilishga hojat yoʻq. Mpox epidemiyasini toʻxtatishning imkoni bor. Buning uchun esa zarur profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilishi kerak. Infeksiya oʻchoqlari aniqlangan va virus tarqalishi xavfi yuqori hududlarda vaksinalar taʼminotini oshirish lozim.
“Maymun chechagi koronavirus darajasidagi oʻta jiddiy muammo emas, Biz mpox virusi bilan qanday kurashishni bilamiz”, — degan Xans Klyuge bergan bayonotida.
Shuningdek, u iyun oyi oxiriga kelib, jami 116 mamlakat, jumladan, Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya va Ruandada kasallanish holatlari qayd etilganini maʼlumot sifatida aytib oʻtgan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining xabariga koʻra, hozir qator davlatlarda virusning “Clade Ib” deb nomlangan yangi shtammi tarqalmoqda. Ushbu mutatsiya Kongo Demokratik Respublikasida 500 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan.
Avgust oyi boshida esa Shvetsiyada ham maymun chechagining xuddi shu turini yuqtirgan bemorlar roʻyxatga olingan.
Britaniyalik olimlarning fikricha, “Clade Ib” mutatsiyasi boshqa shtammlarga qaraganda yuqumliroq va nisbatan ogʻirroq asoratlarni keltirib chiqarmoqda.
Garchi yuqorida aytilganlar vahimali eshitilsa-da, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakili Klyuge “mpox virusining har qanday shtammini tegishli epidemiologik chora-tadbirlar hamda xastalikka qarshi vaksinalar orqali nazorat qilish va jilovlash mumkin”, degan fikrda.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q