Oʻzbekistonlik yoshlar ishlab chiqqan startap AppStore reytingida 2-oʻrinni egalladi

Saqlash
17:53 / 17.12.2021 942 0

Oʻzbekistonda startap loyihalar bilan tanilgan SmartChain IT kompaniyasi Islandiya kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, maxsus mahsulot ishlab chiqdi. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.

 

“Jamoamiz tomonidan xorijlik hamkorimiz uchun yangi, noyob mahsulot yaratildi va u UnoAR deb nomlandi. Mazkur toʻldirilgan reallik asosida ishlaydigan texnologiya SmartChainning eng yaxshi texnologik yechimlari va ishlanmalarini oʻzida mujassam etgan. Birinchi xorijiy mijozimiz elektronika sohasidagi yirik chakana sotuvchilardan biridir”, – degan kompaniya direktori Bobur Rahimov.

 

Oʻzbekistonda yaratilgan ushbu texnologiyaning xorijda tatbiq etilganiga bir necha oygina boʻldi va u tobora ommalashmoqda. 2021-yilning 6-dekabr holatiga koʻra, NazzAR platformasida qurilgan yechim Islandiyada yuklab olingan oʻz toifasidagi AppStore ilovalarining eng mashhur 10 taligi ichida 2-oʻrinni egallagan.

 

Eslatib oʻtamiz, SmartChain IT kompaniyasi toʻldirilgan reallikka asoslangan NazzAR mobil ilovasini yaratgan. Smartfon orqali NazzAR belgisiga yoʻnaltirilganda mobil qurilma ekranida real obyektlarning 3D shakllari, video roliklari, foto suratlar jonlanadi. Yurtimizda bugungi kunda NazzAR mobil ilovasining imkoniyatlari turizm sohasida, ayniqsa muzeylarda keng qoʻllanilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//