Soʻgʻd madaniyatiga oid ibodatxona topildi

Saqlash
14:10 / 23.07.2024 471 0

Urgutda qadimiy Soʻgʻd madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi. Bu haqida Samarqand arxeologiya instituti mutaxassisi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev maʼlumot berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ilk oʻrta asrlarga tegishli boʻlib, ibodatxonaning tarhi toʻgʻri toʻrtburchak shaklida boʻlib, devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.

 

 

“Ibodatxona devorlarining saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi va unda 5 ta eshik mavjud. Devorlarda yuzi ovalsimon va quloqlari zeb-u ziynatlarga boy maʼbudaning tasvirlari saqlanib qolgan. Bu tasvirlarda qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklida boʻlgan toj ham koʻzga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxona devorlaridagi surat parchalarida turli personaj tasvirlari ham uchraydi, bu esa ibodatxonada bir nechta iloh tasvirlanganini koʻrsatadi.

 

Ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud boʻlib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qoʻl va oyoq qismlari topilgan. Arxeologlar bu ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat koʻrsatgan, lekin 712-yilda arablar Samarqandga yurish qilganida yoqib yuborilganini taxmin qilmoqda.

 

Islomgacha boʻlgan davrga tegishli devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari Oʻzbekistonda bir necha oʻn yillikda aniqlanmagan edi. Shu sababli Qoʻrgʻontepada topilgan bu sanʼat asarlari katta ahamiyatga ega. Hozirda qazuv ishlari davom etmoqda, devoriy suratlarni saqlash va nusxa koʻchirish ishlari olib borilmoqda”, — deydi falsafa doktori.

 

 

Endilikda Alisher Sandiboyev bir nechta takliflarni oʻrtaga tashlamoqda.

 

Jumladan:

▪️ tumanda Madaniy meros agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi Urgut tumani boʻlimini tashkil etish;

 

▪️ tumanda muzey tashkil qilish. Muzeyda qadimiy Urgut tarixiga oid ashyolar saqlanib, ilmiy oʻrganiladi va namoyish etiladi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz sifatida ham xizmat qiladi.

 

 

Maʼlumot uchun, Samarqand arxeologiya instituti Urgut tumani “Joʻraptepa” qishlogʻi yonidagi Qoʻrgʻontepa yodgorligida 2022-yildan buyon arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//