“Urush bilan dunyoni olib bo‘lmaydi”, “Beruniyni hayratlantirgan Bomiyon”, “Global qishloq chegarasi” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
00:14 / 16.07.2024 2074 0

“Urush mavzusida qalam tebratgan adiblar Lev Tolstoy, Heminguey, Remark, o‘zimizning Shuhrat domla va boshqalarning asarlarida ham shu bir ulug‘ masala ko‘tariladi: inson qadri! Bu asarlarning har birida urushning mantiqsiz jarayon ekani aytilgan va qoralangan. Ammo, attangki, urushlar haliyam davom etmoqda. Haliyam begunoh jonlarning yostig‘i qurib, bolalarning dod-u faryodini o‘qlar tovushi bosib urushlar davom etmoqda.” 103 yoshli, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining hayot, inson, umr haqidagi mulohazalari yozilgan “Urush bilan dunyoni olib bo‘lmaydi” maqolasining to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2024-yil 2-sonida tanishing.

 

“Uzoq vaqt begona yurtda yurganda o‘zbek bo‘lib qolish, o‘zlikni, milliylikni saqlash juda qiyin ekan. Lekin bu narsa juda ham muhim. Ayrimlar xorijda yevropalashib yo xitoylashib ketadi. Bunga qarshiman, albatta. Bolamning tarbiyasida ham bunga alohida e’tibor beraman. Ayniqsa til masalasida qattiqqo‘lman.” Jurnalning “Zamon va zamondosh” ruknida xorijiy davlatlarda o‘z ilmi, salohiyatini namoyon etib, o‘zbek nomini oqlab, kezi kelsa himoya qilayotgan shijoatli o‘zbek qizlarining “O‘zga yurtda o‘zlikni asrash” haqidagi fikr-mulohazalari e’lon qilingan.

 

“Hayp – bu so‘z jadallik bilan ommalashib borayotgani tufayli unga muqobil so‘zni topish juda ham zarur. Nazarimda, ushbu so‘zni shov-shuv tarzida qo‘llash mumkin.”  “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida ona tilimizga kirib kelayotgan hamda o‘zlashayotgan yangi (chet) so‘zlar va ularning bisotimizdagi muqobili haqida mutaxassislarning tavsiyalari bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Biz nimalar haqida so‘zlashamiz”, “Dovrug‘i Olatovdan oshgan adib”, “Yurak sahnasidagi kechmishlar”, “Tavba saodati”, “Sim-sim, eshigingni och yoxud tilsimlangan ertaklar” maqolalari, “Kelajakni matematikaga asoslanib qurishimiz kerak” suhbati, “Noma’lum rassomlar merosi”ni o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Dunyoning milliy shoiri”, “Qaltis savollarga nozik javoblar”, “Loyqa seriallar” haqida so‘z boradi.

 

“Men nega suhbatdoshlarim, ya’ni “siz”dan gap boshlab, davomida “biz”ga, “miz”ga o‘tdim? Chunki biz kuchli bo‘lsak, gaplarimiz ta’sirchanroq bo‘lsa, “siz” sustlashar edi. Bizning ovozimiz “siz”ning ovozingizni bosib ketolmayotgan ekan, demak, o‘zimizni aybdan tashqarida sanashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi.” “Biz nimalar haqida so‘zlashamiz” maqolasidan olingan bu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot” bilan “miz” va “biz” ichida bo‘ling, birdamlikni anglang.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//