Madaniyat
“Bir qalamkash sifatida katta-kichik rahbarlar bilan muloqot qilib, aksari xalqdan uzilib qolganiga guvoh bo‘lganman. Hasratidan chang chiqqan eldoshlarim iltijoli termilganida sho‘rlik ziyolining qo‘li naqadar kalta ekanini ich-ichimdan his etganman. Ana o‘sha ezgin kuzatuvlardan so‘ng davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik bu – kadr, degan haqiqatga amin bo‘ldim. Davlatni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham kadr.” “Mudroqlar va uyg‘oqlar” suhbatida ta’lim, ijtimoiy muhit va intellektual shaxs zanjiri haqida so‘z boradi. Olim Toshboyev bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2024-yil 2-sonida o‘qing.
“Bir kishi muzeyga kirib, ehtiyotsizlik ortidan ming yillik xumni sindirib qo‘yibdi. – Nima qilib qo‘ydingiz?! Ming yillik asoriatiqa edi-ya! – deya fig‘oni falakga chiqibdi muzey xodimining. – Xayriyat-ey, eski xum ekan. Men uni yangi deb o‘ylabman, dermish boyagi kishi soddalik bilan. Turli bahonalar bilan qadimiy yodgorliklarni buzayotgan amaldorlar haqidagi xabarlarni o‘qiganimda shu latifa yodimga tushadi. Tarixdan ma’lumki, o‘tgan asrning 20–30-yillarida o‘zini “proletkult” (proletar madaniyat) mansublari deb bilgan faollar ko‘hna yodgorliklarni buzib, ularning g‘ishtidan yangi zamon binolarini qurish g‘oyasini ilgari surgan edi. Bu g‘oya qisman amalga oshdi. O‘sha yillar o‘zimizda ham musulmoni g‘ishtdan qurilgan minglab binolar kunpayakun etilgan.” Sharofiddin To‘laganov “Mansabdan oliy maslak” maqolasida insoniyat bilan hamroh kelayotgan va jamiyatning yangi og‘riqlari haqida fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashadi.
“Ba’daz, men ekranda o‘z olamimni mukammal va o‘zim qanday ko‘rsam, his etsam – imkon qadar shunday ko‘rsatishni xohlayman. Tomoshabindan yashiradigan allaqanday sirli niyatlarim bo‘lmaydi, unga maqtanmayman, o‘yin qilmayman – bu olamning menga eng aniq, eng jonli tuyulgan, mavjudligimiz, tirikligimizning tutqich bermas mazmun-mohiyatini ifodalaydigan belgi-alomatlarga tayanib ish ko‘raman, xolos.” Jurnalning “San’at falsafasi” ruknida jahon kino darg‘alaridan biri Andrey Tarkovskiyning “Qo‘msov”ini o‘qiysiz.
Jurnalning keyingi sahifalaridan “Har ashyoda milliylik zohir”, “E’tiqod manzil emas, yo‘ldir”, “Cho‘qqidagi sarlochin”, “Nechun yo‘lning so‘nggida jarlik?!” maqolalari hamda “Ko‘ngilga yaqin kitoblar” mutolaasi, “Sayyidi sirdon” buyuklik timsollari o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Ayolning o‘zgarayotgan maqomi”, “Zamonaviy shahar: tarix va tadqiq”, “Bahor kunlarida kuzning havosi”, “Vijdon xotirasi” maqolalari e’lon qilingan.
Olmon faylasufi Martin Haydeggerning “Kim buyuk fikrlar bilan yashasa, buyuk og‘riqlar yo‘ldoshi bo‘ladi” hikmati Lev Tоlstoyning “Iqror va jasorat”i izohida keltirilgan. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida keltirmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur”ni o‘qing, fikrlang, og‘ring va jasoratli bo‘ling!
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q