“Vaqtim yoʻq, deganlarga telefoniga qancha vaqt sarflashining statistikasini koʻrsatishim mumkin” – Otabek Hasanov yoshlarni kitobxonlikka chaqirdi

Saqlash
18:26 / 25.06.2024 691 0

24-iyun kuni Yoshlar ijod saroyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov yoshlar bilan uchrashdi. Tadbir “Yoshlar oyligi” doirasida tashkillashtirilib, unda talabalar va turli sohada faoliyat yurituvchi yosh yetakchilar ishtirok etdi.

 

 

Otabek Hasanov yoshlarning tafakkuri faqat kitob bilangina boyishi mumkinligini aytib, uchrashuvda “Nima uchun kitob oʻqishimiz yoki oʻqimasligimiz kerak?” degan savol atrofida suhbat olib bordi.

 

 

“Ongni oʻzgartirmaguncha insonni qashshoqlikdan chiqarib boʻlmaydi. Inson kuniga kamida 5 sahifa kitob oʻqimas ekan, uning miyasidagi “kinoteatr” faqat oq-qora tasvirlardangina iborat boʻlib qoladi. Shuning uchun ham har kuni mutolaaga vaqt ajratishimiz shart! Agar vaqtim yoʻq, desangiz men Sizga telefoningizda qaysi ilovaga qancha vaqt sarflaganingiz boʻyicha kunlik statistikani koʻrsatishim mumkin” – deydi Hasanov, “vaqt yoʻq” deyish faqat bahona ekanini taʼkidlarkan.

 

Uchrashuvda kitobxonlikdan tashqari, vatanparvarlik va liderlik mahoratlariga oid masalalar ham muhokama qilindi. Tadbirning ayni shu qismi yanada faol va qizgʻin kechdi.

 

 

Tadbirda Aysanem Yusupova ham mehmon sifatida ishtirok etdi. Aktrisa “Oʻzbek qizi” filmidagi roliga oid yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berarkan, Vatan tinchligi qanchalik buyuk neʼmat ekaniga toʻxtalib oʻtdi:

 

“Ijro etgan har bir rolim meni tarbiyalaydi. “Oʻzbek qizi” filmidagi bir epizodimda “Yaxshi ham tinchlik, osoyishtalik davrida tugʻilganman. Yaxshi ham hozir bizda tinchlik, xotirjamlik bor” degan hislar ichimdan oʻtgan va birinchi navbatda tinchlikni qadriga yetganman” – deydi u.

 

Otabek Hasanov bu fikrlarni tasdiqlarkan, “Zato osmonimiz musaffo-ku!” deydigan yoshlarga qarata shunday deydi:

 

 

“Zato osmonimiz musaffo” deb kesatiqcha aytadigan yoshlarga aytar gaplarim bor:

 

Tashqi siyosat tilida aytganda, hozir global oʻzgarishlar davrida yashayapmiz. Insoniyat BMT tashkil etilganidan beri 75-yil ichida biror marta bunchalik xavfli zonada boʻlmagan. Ertalab uygʻonsang, qizil tugmasi bor davlatlarning keskin qarorlaridan avlodlaring uchun qoʻrqasan, sergak tortasan. Lekin tinch yurtda oʻtirib, ijtimoiy tarmoqlarda bunday gaplarni yozish insofsizlik, noshukrlik sanaladi. Shunday yozadiganlarni 3 kun Gʻazo sektoriga olib borib qoʻyish kerak. Kechagina Dogʻistonda sodir boʻlgan teraktni yoki Xarkovdagi otishmalarni hech kimga ravo koʻrmaydi, kishi. Bir dona oʻq tovushining oʻzidan keyin ham shunday dermikan, ular?

 

Butun dunyodagi koʻngilsizliklarni koʻrib ham tinchlikni qadriga yetishimiz zarur. Bu balandparvoz gap emas. Sizu bizning ota-bobolarimiz tinchlik neʼmatini bizga olib berdimi, men ham Xudo xohlasa nabiralarim mening yoshimga yetgunicha mehnatim, aqlim, faoliyatim bilan yurt tinchligini taʼminlab berishim kerak”.

 

 

“Men ham ijtimoiy tarmoqlarda koʻp kuzataman, yosh qizlarimiz arzimagan sabab tufayli siqilib, hatto oʻz joniga qasd qilishni oʻylaydi. Men ularga urush davridagi qiyinchilik oldida mazkur maishiy muammolari hech narsa emasligini aytgim keladi. Biz buvi-buvalarimiz koʻrgan qiyinchiliklarni koʻrmadik. Aslida, Vatan oldidagi burchning ayol-erkagi, katta-kichigi boʻlmaydi. Bu masʼuliyatni barchamiz teng his qilishimiz zarur” – deb qoʻshimcha qildi Aysanem.

 

Tadbirning savol-javob qismida Otabek Hasanov oʻzining “Liderlar kitobi”ni boʻlajak yetakchilarga oʻz dastxati bilan ulashdi.

 

Yoshlar jamoaviy boshqaruvga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, jamiyat uchun foydali boʻlgan takliflarini ham kiritdi.

 

 

“Yigirma yil avvalgi statistikaga nisbatan qaralsa, respublikamizdagi kutubxonalar soni keskin kamaygan. Ne baxtki, har bir tumanda Axborot-kutubxona markazlari saqlanib qolgan. Kutubxonalar koʻp emas, lekin shu bor kutubxonalarimizning ham egasi koʻp. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham, Milliy kutubxona ham, tegishliligi boʻyicha tuman hokimliklari ham – hammasi axborot-kutubxona markaziga xoʻjayin! Biriga monitoring uchun hujjat yuboradi, biriga hisobot topshiradi, biri esa AKM direktorini ishga olib, ishdan boʻshatadi. Menga maʼlum boʻlgan uch rahbar orasida sarson kutubxonachilarning esa kitobxonlarga vaqti yoʻq. Kutubxonalar, mayli, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuriga oʻtkazilsin. Ammo sansolarlik barham topsin” – deya taklif bildirgan Otabek Isroilov “Devoni Mashrab” kitobini sovgʻa sifatida Markaz rahbariga topshirdi.

 

 

“Inson iqtisodiy boy boʻlib, maʼnaviy qashshoq boʻlsa, u odam bilan uzoq gaplashib ham boʻlmaydi. Maʼnaviy boy boʻlib, iqtisodiy qashshoq boʻlsa, demak u bor bilimini yoʻnaltirishni bilmabdi. Ham maʼnaviy, ham iqtisodiy boy boʻlsa, demak u odam hayotda nimagadir erishibdi” – deydi rahbar.

 

Otabek Hasanov kitob mutolaasi bilan bogʻliq qiziq dunyo statistikasi bilan boʻlishdi. Unga koʻra, dunyo aholisining atigi 50 foizi muntazam kitob oʻqiydi. Singapur dunyodagi eng yuqori savodxonlik darajasiga ega (96%) mamlakat sanaladi. Amerikaliklarning 73%, britaniyaliklarning 71%, Rossiyaliklarning esa 60% yiliga kamida bitta kitobni oʻqib, tugatadi.

 

Oʻqish qobiliyati past boʻlgan kattalarning 43 foizi qashshoqlikda hayot kechiradi.

 

 

Raqamlardan ham anglash mumkinki, Singapurdagi kitobxonlik darajasi boshqa mamlakatlarga koʻra sezilarli darajada yuqori. Shuning uchun ham eng kreativ va zamonaviy startaplarning koʻpchiligi shu mamlakatga tegishli boʻladi.

 

 

Yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Yosh kitobxon tanlovining 2022-yilgi 1 oʻrin gʻolibi ham ishtirok etdi. U tanlovdan yutib olgan avtomobil, undan quvongan qishloq aholisi hamda hayratga tushgan turkiy davlat yoshlari haqida gapirib, mamlakatdagi kitobxonlik madaniyatiga eʼtibor darajasi boʻyicha bir misol keltirdi:

 

“Otabek aka, bugun Sirdaryodan sizga rahmatlar olib keldim. Inson oʻzi muvaffaqiyatga erishsa, bir qadam yuksaladi. Oʻzining ortidan ota-onasi muvaffaqiyatga erishganida esa ming qadam. Yaqinda qoʻllari mehnatdan qavargan onam “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Onam: Bolam, men oʻqimagan, universitetda taʼlim olmagan boʻlsam, menga nega mukofot berdi, dedi. Aya, meni dadam Siz oʻqitgansiz-ku, dedim. Mana shu ham mamlakatda kitob madaniyatiga boʻlgan eʼtiborning yuksak namunasi sanaladi”.

 

 

Tadbir soʻngida boʻlajak liderlar, tashkilot xodimlari, talabalar, umuman, barcha esdalik suratga tushdi.

 

 

Otabek Hasanov Yoshlar agentligiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi va tomonlar bir-biriga esdalik sovgʻa hamda tashakkurnomalarini taqdim etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//