Qiyin vaziyatlarni qanday yengish kerak?

Saqlash
17:30 / 13.06.2024 1020 0

Hayotda baxtli kunlar kabi, kishining dilini xira qiladigan, stressga olib keladigan, tushkunlikda oʻtadigan damlari ham koʻp boʻladi. Ayrim insonlarning bunday kunlarni yengib oʻtishda oʻz “uslub”i boʻladi. Masalan, sayohat qilish, qarindoshlarini yoʻqlash, qandaydir sport bilan shugʻullanish va hokazo. Biroq hamma ham qiyin vaziyatlarda oʻzini boshqara olish koʻnikmasiga ega emas.

 

Bunday davrlarda ularda ham ruhiy, ham jismoniy ogʻriqlar kuchayadi.

 

Bunday paytda eng asosiy maslahat – boshqa birovni ayblamaslik. Qiyin paytlarda inson oʻzini shu muhitga moslashtirishi lozim. Sabr qilishi, fursatni kutishi va mehnat qilishi zarur. Toʻgʻri, bu unchalik oson emas, ammo aynan kurashuvchalik insonni baxtli kunlarga olib chiqadi.

 

Agar inson tushib qolgan mushkul vaziyatida boshqa birovni aylasa, afsuslansa va nolisa, u qayta-qayta oʻsha qiyinchilikka tushaveradi. Bu xuddi bir joyda aylanishga oʻxshaydi. Aslida, muammoni aylanib oʻtish emas, uni yengish kerak. Shundagina bunday qiyinchilik “boshqa qaytib kelmaydi”.

 

Xoʻsh, qiyin vaziyatdan chiqishning formulasi bormi?

 

Afsuski, buning aniq formulasi yoʻq. Lekin mutaxassislar tajribadan oʻtgan baʼzi maslahatlarni bera olishadi. Bular:

 

◻️ Qiyinchilikka tushganda inson oʻz maqsadini aniqlab olishi kerak. Yaʼni, u oʻzi uchun nimani isbotlashi lozim boʻlsa, ana shunga qarab harakat qilishi zarur. Bunda ana shu maqsad uning yorugʻ kunlarga chiqishiga yordam beradi.

 

◻️ Yaqinlar bilan dardlashish kerak. Stress bir kishini albatta “yiqitadi”. Shuning uchun doʻst, aka-uka yoki opa-singil, ota-ona va yana boshqa yaqin insonlar bilan koʻproq suhbatlashish, ularga boshidan oʻtkazayotgan hissiyotlari haqida gapirib berishi kerak. Bunda u oʻziga gʻamxoʻrlik qiluvchi tomonlarni his qiladi. Bu esa uning stressdan chiqishiga yordam beradi. Maʼlum boʻlishicha, yaqinlar bilan dardlashish oʻz joniga qasd qilish foizini ham kamaytirar ekan.

 

◻️ Agar tashvish qiynayotgan boʻlsa va bunda fikr bir joyga kelmasa, qoʻlga muz olib, uni qattiq ushlab turish kerak. Bunda muzning qoʻlga bergan “azob”i fikrlarni bir joyga jamlashga yordam beradi. Chunki kishi bu paytda diqqatini sovuq “nuqta”ga qaratadi.

 

◻️ Bunday paytlarda gazeta, jurnal yoki afishalarni mayda-mayda qilib yirtish ham tavsiya qilinadi. Bu kishining ichki hissiyotini meʼyorga keltiradi. Ruhiy jihatdan moʻtadillashadi.

 

◻️ Siqilgan vaqtda dush qabul qilish ham yaxshi samara beradi.

 

◻️ Nafas mashqini qilish lozim. Bunda chuqur nafas olinadi va sekin-astalik bilan chiqariladi. Bu kishining asabini anchagina tinchlantiradi.

 

◻️ Boshdan oʻtayotgan qiyinchiliklar haqida qogʻozga yozish ham yaxshi usul. Bunda inson xuddi kim bilandir dardlashayotgandek boʻladi. Aslida esa u oʻzining stressini oʻzi bilan suhbatlashish orqali tarqatib yuboradi.

 

◻️ Qiyin damlarda koʻproq ochiq havoda sayr qilish ham foydali.

 

◻️ Ogʻir paytlarda shaxs oʻzini qadrlaydigan, uni sevadigan va oʻzi uchun ham aziz boʻlgan insonlar haqida oʻylashi kerak. Bu uning yana motivatsiya topishiga koʻmaklashadi.

 

◻️ Imkon qadar pozitiv narsalar haqida oʻylash kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//