O‘tgan 11 oyda “Tez yordam”ga 6 mingdan ortiq yolg‘on chaqiriq kelib tushgan

Saqlash
11:57 / 15.12.2021 752 0

Joriy yilning 1 yanvaridan 1 dekabriga qadar “Tez yordam” xizmatiga mamlakatimiz bo‘yicha jami 6301 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda SSV xabar berdi.

 

Tahlillar natijalariga ko‘ra, eng ko‘p  yolg‘on chaqiriqlar kelib tushgan hududlar ro‘yxati boshida 1317 ta ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati turibdi. Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egallagan – 942 ta yolg‘on chaqiriq.

 

Shuningdek, “Tez yordam”ga Toshkent shahridan 894 ta, Qashqadaryodan 874 ta hamda  Navoiy viloyatidan 842 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.

 

“Yana bir og‘riqli masala: oramizda “isitmam ko‘tarilmadimikan?”, “qon bosimimni o‘lchatay-chi”, “ukolimni qildirib olsammikan?” degan vajlar bilan ham “Tez yordam”ga murojaat qiluvchilar ko‘p. Vaholanki, tez tibbiy yordam xodimlari bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo‘yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, ya’ni faqat simptomatik davo choralarini ko‘radi.

 

Qolaversa, yolg‘on chaqiriqlar tez tibbiy yordam xodimlariga ikki barobar ko‘p tashvish keltiradi. Ya’ni  qilingan murojaatning haqiqatan ham yolg‘on ekanligini isbotlash zarur. Buning uchun chaqiriqda ko‘rsatilgan manzilni aniqlash, kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat’i nazar surishtiruv o‘tkazish va shundan so‘ng uni hujjatlashtirish kerak.

 

Bu esa, tabiiyki, “Tez yordam” xizmatiga muhtoj bemorlarning kutib qolishi, hatto hayoti xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin”, – deyiladi ma’lumotda.  

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//