Bolani parvarishlash ta’tillari davrida bo‘lish vaqtining 6 yili ish stajiga qo‘shib hisoblanishi kutilmoqda

Saqlash
11:52 / 14.12.2021 853 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi qaramog‘idagi shaxslarga ular 16 yoshga to‘lgunga qadar, o‘quvchi bo‘lsalar

18 yoshga to‘lgunga qadar to‘lanadi. Fuqaro 18 yoshga to‘lganda, ko‘pincha oliygohga o‘qishga kiradi. Tabiiyki, u o‘qish bilan band bo‘lgan davrda ta’minotsiz qolib ketadi.

 

Endigi tahrirga ko‘ra boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lovlarini marhumning qaramog‘idagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, ya’ni, yana 2 yilga uzaytirilmoqda.  Agar umumiy o‘rta ta’lim muassasasi, akademik lisey va oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lsa, 23 yoshga to‘lgunga qadar, ya’ni 5 yilga uzaytirilgan holda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini to‘lash taklif etilmoqda.

 

Shuningdek, nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga amalda 16 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblanayotgan bo‘lsa, bu muddat ham 2 yilga uzaytirilib, 18 yoshgacha qilib o‘zgartirilmoqda. 

 

Yana bir masala, ayni paytdagi qonunchilikka asosan, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlangan holda bu ta’tillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda, ko‘pi bilan 3 yil ish stajiga ham qo‘shiladi. Bu esa, ko‘p hollarda ayollarni bola parvarishlash davrida bolasini har taraflama sog‘lom qilib voyaga yetkazish o‘rniga ishga chiqishga ham majbur bo‘lmoqda.

 

Qolaversa, mazkur tartib bo‘yicha boshqa davlatlar tajribasi o‘rganilganida, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya davlatlarida 6 yillik davr ayollarga pensiya hisoblashda bola parvarishi ta’tilida bo‘lish vaqti ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

 

Yuqoridagilarga asosan, ayollarga pensiya hisoblashda ularni ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash va ularning bola parvarishi davrida bo‘lish ta’til vaqtini munosib rag‘batlantirish dolzarb ekanligidan kelib chiqib bola parvarishlash ta’tillarini mehnat stajiga qo‘shimcha yana 3 yil qo‘shilishi taklif etilmoqda. Ya’ni, ushbu qonun loyihasi tasdiqlanishi bilan hammasini jamlaganda bolani parvarishlash ta’tillari davrida bo‘lish vaqtining 6 yili ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy

masalalar qo‘mitasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//