Talabalari xorijda oʻqiyotgan davlatlar orasida Oʻzbekiston TOP-5 talikka kirdi

Saqlash
22:21 / 10.05.2024 2008 0

Xabarga koʻra, YUNESKO xorijda tahsil olayotgan talabalar boʻyicha 2021-yildagi hisobotini taqdim qilgan.

 

Unda yozilishicha, 2021-yil davomida xitoylik va hindistonlik talabalar xorijga oʻqishga ketish boʻyicha yetakchilik qilgan. Ehtimol bunga mazkur davlatlardagi aholining koʻpligi va shuning uchun oʻqishga boʻlgan talabgorlarning yuqoriligi sabab boʻlsa kerak.

 

Maʼlumotga koʻra, 2021-yilda 1 mln. nafardan ortiq xitoylik talaba chet elda tahsil olgan boʻlsa, shu raqamlarning qariyb teng yarimicha boʻlgan hindistonliklar ham xorijda oʻz ilmiy izlanishlarini davom ettirgan.

 

Yoshlari xorijda eng koʻp oʻqiyotgan davlatlar ichida Vyetnam 3-oʻrinni egallagan.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston ham talabalari eng koʻp xorijda oʻqiydigan davlatlar qatoridan oʻrin olgan. Mamlakatimiz 2021-yilgi statistikada 5-oʻrinni olgan boʻlib, oʻsha yilgi hisob-kitobga koʻra, 100 ming nafardan ortiq oʻzbekistonlik talaba xorijda tahsil olishda davom etgan.

 

 

Maʼlumotga oʻrnida, eng koʻp talabani oʻz bagʻrida jamlagan davlat AQSh boʻlgan. Bu davlatga 2021-yilda 833 ming nafar xorij talabasi oʻqish uchun borgan.

 

601 ming nafar talabani bagʻriga olgan Buyuk Britaniya esa 2-oʻrinni egallagan.

 

Quyida 5 ta eng koʻp xorij talabalarini qabul qilgan davlatlar keltirilgan:

AQSh – 833 ming nafar;

Buyuk Britaniya – 601 ming nafar;

Avstraliya – taxminan 378 ming nafar;

Germaniya – 376 ming nafar;

Kanada – 318 ming nafar.

 

Hisobotda yozilishicha, yildan yilga talabalarning xorijda oʻqishga boʻlgan talabi ortib bormoqda. Masalan, 2001-yilda dunyo boʻyicha 2,2 mln. nafar talaba chet davlatlarga oʻqish uchun borgan boʻlsa, 2021-yilda bu sonlar 6,39 mln. ni tashkil qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//