“Nobel qo‘mitasidan xat olgan o‘zbek olimi”, “Layk gadolari yoxud xatarli inkubator” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
09:39 / 10.05.2024 3532 0

“Bolalar 11 yil maktabda o‘qiyotganida men nega o‘qiyapman, ertaga kim bo‘laman degan savolni o‘ziga kamdan-kam beradi. Tasodifan to‘g‘ri kelsa, kimdir qayergadir joylab qo‘ysa, shunda davom ettiraman degan yondashuv bor. Jurnalistikani bitirib boradi-yu, tahririyatda ishlashga tayyor emas. Chunki yoshlarning katta qismi bilim emas, diplom olish uchungina o‘qiydi. Kun o‘targa yurish, o‘zining oldiga aniq maqsad qo‘ya olmaslik epidemiyasi yoyilib ketgan.” “Ta’lim shaxsni tarbiyalasin” suhbatida ta’limdagi kamchiliklar haqida so‘z borgan. Professorlar Qozoqboy Yo‘ldoshev, Uzoq Jo‘raqulov hamda yozuvchi Boboravshan G‘oziddinovning bilimsiz talaba, nimjon kadr, maqsadsizlik epidemiyasi kabi bugungi ta’lim atrofidagi muammolar haqidagi gurungining  to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2024-yil 1-sonida tanishing.

 

“El kim, el nima koringga yaraydi?..” degan jo‘n savol tug‘ilishi mumkindir. El shunday kuchki, uning inson hayotiga ta’sirini yillar davomida anglab boraverasan kishi. Birovi yaxshingni aytsa, o‘ntasi yomoningni aytadi. Nigohi bilan, so‘zi bilan, harakatlari bilan tarbiyalab boraveradi el.” Karvon qo‘ng‘irog‘i ruknida e’lon qilingan “Ko‘hna dard, yangi shifo...” maqolasida yurtdoshlarimizning bugungi kundagi eng katta va asl muammolari haqida so‘z boradi.

 

“Tilda millat siyrati, tafakkur  va ma’naviyat aks etadi. Taraqqiyot o‘zanida turli texnologiyalar bilan birga yangi atamalar, so‘zlar ham tilimizga to‘xtovsiz kirib kelmoqda. Bu tabiiy jarayon. Biroq har bir yangi so‘z yoki atamani ba’zan shundayligicha qabul qilishdan oldin ona tilimizdan muqobilini izlab ko‘rishimiz kerak.” “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida chetdan kirib kelayotgan so‘zlarning muqobillari bilan tanishing. Uni professor Baxtiyor Abdushukurov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov tavsiya qiladi.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Yangi kunning eski tarixi”, “Mangutovning manguligi”, “Turkiston shaharlari Navoiy tasvirida”, “O‘n asr naridan, o‘n asr beridan”, “Onadan olislayotgan odamlar” “Do‘ngpeshona do‘ng o‘zbegim” maqolalari, “Xudo yorlaqagan odamman” suhbati, “Inson qalbi bilan hazillashmang” davra suhbati, “Ozodlik deya hayqiraman” – dunyoni o‘zgartargan nutqni o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Og‘riqli tomosha” haqida so‘z boradi.

 

“Bugunning o‘quvchisini o‘n asr nariga olib borib bo‘lmaydi. Uzoqdagi xazina ekilmagan urug‘ hosiliday gap. Tabdillar zarurat. Faqat xazinani zamon charxpalagiga og‘dirish, avlodlar ko‘ngliga payvandlab, bugunning ma’naviy mulkiga – faol quvvatga evirish lozim”. “O‘n asr naridan, o‘n asr beridan” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot” bilan ma’naviy quvvatingizni mustahkamlab boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//