Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi muhokamaga qoʻyildi

Saqlash
20:39 / 13.12.2021 990 0

regulation.gov.uz portalida Oʻzbekiston davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi eʼlon qilindi. Unga koʻra, ushbu kodeks davlat xizmatchilarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi hujjat boʻlib xizmat qiladi.

 

Loyihaga binoan, davlat xizmatchisining odob-axloq normalariga rioya qilishlarini taʼminlash boʻyicha masʼul boʻlgan organlar quyidagilar hisoblanadi:

 

Davlat tashkilotlaridagi odob-axloq komissiyalari;

 

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi;

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
 

Kodeksda birinchi bor davlat xizmatchisi tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilmoqda – doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat tashkilotida (davlat ishtirokidagi tashkilot bundan mustasno) tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxs, hamda mehnat shartnoma (kontrakt) asosida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqaruv xodimi.

 

Kodeks bilan davlat xizmati uch turga boʻlinmoqda:

 

– davlat siyosiy xizmati – ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq davlat hokimiyati vakillik organiga saylanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq toʻlanadigan kasbiy xizmat faoliyati boʻlgan davlat xizmatining bir turi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputat va senatorlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturalariga kiradigan lavozimlar);

 

– davlat fuqarolik xizmati – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq toʻlanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi;

 

– davlat maxsus xizmati – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq toʻlanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi.

 

Shuningdek, sohaning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda: qonuniylik; adolatlilik; fuqarolarning huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoyilik; davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat; halollik; xolislik; ochiqlik; korrupsiyaga qarshi toqatsizlik; professionallik va layoqatlilik; samaradorlik va tejamkorlik.

 

Kodeks loyihasi 6 bob, 53 moddadan iborat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//