Oʻqituvchi bolalarning qoʻliga igna va “samorez” sanchib jazolagani aniqlandi

Saqlash
19:07 / 16.04.2024 1247 1

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktabda oʻqituvchi xato qilgan oʻquvchilarini jazolashda shafqatsizlik qilib, ularning qoʻliga igna va “samorez” sanchib kelgani maʼlum boʻldi, deb xabar bermoqda Daryo.

 

Maʼlum boʻlishicha, nashrga bu haqida tumandagi 277-maktabda oʻqiydigan bolalarning onalari xabar bergan.

 

“Shahzoda qizim maktabning birinchi sinfida oʻqiydi. Uning oʻqituvchisi S.R. bolalarni jazolash uchun ularning qoʻliga igna, “samorez” sanchib, shafqatsizlik qilib kelgan ekan. Bu haqda ota-onalar yaqinda bildik, — degan onalardan biri.

 

 

Aniqlik kiritilishicha, holat 2023—2024-oʻquv yili boshidan beri takrorlanib kelgan.

 

Bolalarimizga “bu haqda kimgadir aytsang, bundan battarini qilib, qoʻlingga mix tiqaman” deb qoʻrqitgan ekan, — degan yana bir oʻquvchining onasi.

 

 

Xabarga koʻra, oʻqituvchi endigina birinchi sinfga chiqqan oʻquvchilarning qilgan xatosi uchun shu tariqa jazolash yoʻlini tanlagan.

 

“Birinchi sinf oʻquvchisi endigina harf taniyotgan boʻlsa, oʻqituvchi bolalar qilgan har bir imloviy xato uchun ularning qoʻliga igna va “samorez” sanchib, bolalarimizning jonini ogʻritgan. Bu holat anchadan beri sodir boʻlib kelgan. Bolalar qoʻrqitilgani uchun bizga aytmagan, — degan jiyani shu maktabda oʻqishini aytgan Fotima Yusupova ismli ayol.

 

Holat ochiqlangan soʻng ota-onalar bugun, 16-aprel kuni maktab direktori qabuliga kirgan. Direktor esa holat u maktabda yoʻq paytida sodir etilganini aytib, “suvdan quruq chiqish”ga uringan.

 

 

“Direktor oʻqituvchiga hayfsan berganini aytdi, oʻqituvchi boʻshash haqida ariza ham yozibdi. Lekin xatosini tan olgisi yoʻq. U shu yoʻl bilan bolalarimizni oʻqitayotganini, bilim berayotganini aytmoqda, — degan ota-onalar.

 

Hozirda nashr voqea yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot olish maqsadida Sergeli tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbari hamda 277-maktab direktori bilan bogʻlangan.

 

“Tez orada masʼullarning bu haqdagi maʼlumotlari eʼlon qilinadi”, deyiladi xabarda.

1 Izoh

Курбоной

12:04 / 18.04.2024

Укитувчига жиноий иш очилиши шарт! Чунки бу болаларнинг соглигига жиддий шкаст етказиш мумкин, терисига инфекция тушиши ва хар хил кон оркали юкадига касалликларни юктириши мумкин, масалан гепатит!!!

Izoh qoldirish

//