Ona oʻz farzandiga jigarini berdi

Saqlash
19:48 / 13.12.2021 835 0

V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar koʻchirish operatsiyasi oʻtkazildi.

 

«12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiylik 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yuldashevaning jigaridan bir boʻlagi koʻchirib oʻtkazildi», deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

 

Qayd etilishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan boʻlgan. Lekin tekshiruvlarning anatomik xususiyatlari uning donor boʻla olmasligini koʻrsatgan. Keyin esa bemorning onasi tekshirilib, jigarning bir boʻlagini olish uchun barcha koʻrsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega boʻlgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga toʻgʻri kelgan.

 

Bemorni operatsiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonovning taʼkidlashicha, Karoli sindromi kamyob kasallik boʻlib, har million kishining bittasida aniqlanadi. Bemor yosh boʻlgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yoʻqligi sababli Feruzbek operatsiyadan soʻng oʻzini tez tiklab oladi. "Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan", deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//