O'zbekistonda havo harorati pasayishi kutilmoqda

Saqlash
16:33 / 13.12.2021 1002 0

Kecha shimoliy hududlarga, bugun Oʻzbekiston hududining katta qismiga Volga boʻyi hududlaridan nam va sovuq havo kirib keldi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Bu haqida “Oʻzgidromet” xabar bermoqda.

 

14-dekabrda siklon taʼsiri saqlanib turadi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi va ertalab, respublikaning qolgan hududlarida kun davomida baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Respublikaning shimolida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 1-3 daraja sovuqqacha, kunduzi 3-5 daraja iliqgacha, respublikaning shimolida 7-12 daraja sovuqgacha, kunduzi 1-6 daraja sovuqgacha pasayadi, oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 4-6 darajaga past boʻladi.

 

“15-dekabrda respublika boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida biroz qor yogʻishi mumkin. Antitsiklonning sovuq periferiyasi taʼsiri hisobiga kechasi havo harorati 4-6 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 3-5 daraja iliq atrofida saqlanib turadi”, deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, 16-17-dekabr kunlarida antitsiklon taʼsiri asta-sekin zaiflashadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechalari 0-3 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduz kunlari 7-10 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//