Jamiyat
Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi reyting tarzda baholandi, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu roʻyxatda 2023-yil natijalari boʻyicha 95 ta davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati ballik sistemada koʻrsatilgan. Bunda kurashish samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha baholangan.
Roʻyxatdan joy olgan davlat idoralarining 36 tasi ilk marotaba ushbu reytingda qatnashgan boʻlsa, 59 tasi takroran baholashdan oʻtkazilgan.
Bunda reyting 3 ta kategoriya boʻyicha shakllantirilgan. Bular:
▫️ “yaxshi” – 100 balldan 81 ballgacha;
▫️ “qoniqarli” – 80 balldan 55 ballgacha;
▫️ “qoniqarsiz” – 55 balldan past.
Shu hisobda, 95 ta tashkilotdan 42 tasi “yaxshi”, 38 tasi “qoniqarli” va 15 tasi “qoniqarsiz” tarzda korrupsiyaga qarshi kurashgani aniqlangan.
Agentlik xabariga koʻra, natijalarning xolisligini taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis koʻrib chiqilgan va xulosalar taqdim qilingan.
Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatgan.
Masalan, 2022-yilgi baholashda qatnashmagan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu yil 50 ball olib “qoniqarsiz” ishlaganlar ichida eng yaxshisi boʻlib turibdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi esa atigi 18 ball olgan.
Shuningdek, “qoniqarsiz”lar ichida Yoshlar ishlari agentligi ham bor. Tashkilot 2022-yilda qatnashmagan, bu yil esa “qoniqarsiz”lar roʻyxatida 10 ball bilan 12-oʻrinni olgan.
Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” baholangan.
“Qoniqarli”lar ichida esa Turizm qoʻmitasi peshqadam. Qoʻmita garchi 2022-yili reytingda qatnasholmagan boʻlsa-da, oʻtgan yil tayinli ish qilingani uchun 80 ball olgan. Undan keyingi oʻrinda Toshkent shahar hokimligi turibdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa 56 ball bilan “qoniqarli”lar ichida eng oxirgi oʻrinni egallagan.
“Yaxshi”lari reytingida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi birinchida turibdi. Vazirlik 2023-yilda korrupsiyaga qarshi yaxshigina kurashgan shekilli, 94 ball olgan. Undan keyingi oʻrinni 93 ball bilan Markaziy bank egallagan. Albatta, bu tashkilot uchun yaxshi natija, sababi Markaziy bank 2022-yilda 37 ball bilan “qoniqarsiz”lar safida boʻlgan.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi ham oʻtgan yili korrupsiyaga “qoniqarsiz” kurashgan, 2023-yilda esa “yaxshi” kurash olib borgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q