Ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan logopedga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi

Saqlash
20:39 / 20.03.2024 4657 0

Maʼlum boʻlishicha, Bolalar ombudsmani tomonidan Dilorom Jabborovaning ishlash usuli oʻrganilgan. Bunga uning joriy yil yanvar oyida duduqlangan bolani soʻkinish va qoʻrqitish usulida davolashga uringani aks etgan videosi sabab boʻlgan.

 

Bolalar ombudsmani xabariga koʻra, D.J. ning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish maqsadida malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh tuzilgan. Oʻrganish natijasida, pedagog D.J. ning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekanligi, D.J. ning duduqlanishni bartaraf etishda qoʻllayotgan ruhiy va jismoniy zoʻravonlik usullari bolalarning sogʻligʻi va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi toʻgʻrisida xulosa berilgan.

 

Shundan soʻng, Yunusobod tumani IIO TB olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan nazorat doirasida oʻrganilgan. Yakunda, ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida, D.J. ning harakatlarida aldash va odamlarni ishonchini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini va uning mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan va joriy yilning 27-fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

 

“Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettiradi. Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, – deyiladi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, Dilorom Jabborova ijtimoiy tarmoqlarda ancha faol hisoblanadi. Masalan, uning Instagram sahifasini 530 mingdan ziyod obunachi kuzatadi. Shuningdek, uning obunachilari soni Telegramʼda 8 mingdan, Youtubeʼda 25 mingdan ortiq.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//