Millat ruhiyatining barometri, Ali Qushchi jasorati, Markaziy Osiyoning milliy va “mintaqaviy qurilish”i haqida “Vatan” jurnalining birinchi sonida o‘qing

Saqlash
13:58 / 12.03.2024 4303 1

“Bugun biz sizga taqdim etishga jazm qilayotgan “Vatan” jurnali muhtaram Prezidentimiz oldimizga qo’ygan bu muqaddas g‘oyani amalga oshirishga baholi qudrat hissa qo‘shishda vosita vazifasini bajaradi, deya niyat qilamiz. Zotan ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy formatdagi ushbu jurnal o‘z sahifalarida mamlakatimizdagi eng ilg‘or fikrli ziyolilar, olim va siyosatchilar uchun joy beradi.” Jurnalning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadlar haqida so‘z borgan “Vatan” haqida…” maqolasining to‘liq matni bilan “Vatan” jurnalining 2024-yil 1-sonida  tanishing.

 

“Til millat tafakkuri va ruhiyatining darajasini aniq aks ettiruvchi barometrdir. Har qanday millat ruhiyati va tafakkurining saviyasi yagona milliy tilning mavjudligi va jamiyat ahlining undan qay yo‘sin foydalanilayotgani bilan belgilanadi” – O‘ttizta milliy til qatorida o‘zbek tilini ham XXI asrning oxiriga borib yo‘qolib ketishini bashorat qilgan kompyuter valiylariga tilshunos olim ushbu sondagi “Buzilmas qo‘rg‘on” maqolasida asosli e’tirozlar keltirgan.

 

“Mintaqadagi besh qo‘shni davlat o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganiga 30 yildan oshdi. Bu, garchi, tarixan katta davr bo‘lmasa-da, milliy va “mintaqaviy qurilish” uchun yetarli muddat. Zotan, dunyoning bo‘lgalari va davlatlarida shu mazmunda kechgan islohotlar tajribasi buni isbotlaydi. Masalan, ayni muddat ichida Yaponiya, Singapur va Xitoy mo‘jizasideb atalgan hodisani taqdim eta olgan. …Taassufki, yuqorida ishora qilganimizdek, bizda integratsiya masalasiga mudom uzoq istiqbol, noaniq loyiha yoxud utopiya o‘laroq qaralmoqda.” Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya konsepsiyasi, modeli va dinamikasiga oid jihatlar bilan “Markaziy Osiyo mintaqaviy integratsiya konsepsiyasi, modeli va dinamikasi” maqolasida atroflicha tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Undan ayro baxt bo‘lmas”, “Til va tafakkur – definitsiya va deskripsiya”, “Shayboniyxon shaxsiyati nega e’tiborsiz qolmoqda”, “Ilohiy o‘yin. Ko‘pkarining tarixini bilasizmi?”, “Adl ila olam yuzin obod qil…” maqolalari, “Onamning yurti” hikoyasi, “Pikasso”, “Zerikayotgan odam” essesi o‘rin olgan. Shuningdek, ushbu sonda “Hamjihatligimiz boqiy bo‘lsin”, “Bizning ham jurnalimiz bo‘ladi”, “Biz Turkiston tog‘lari va keng cho‘llarida birga yashaymiz”, “Men vatanda emasman, Vatan mening ichimda!”  dil so‘zlari, “Tayanch nuqtasi”, “Yurt qayg‘usi”, “Qodiriyning ko‘zlari – Julqunboy haykali qarshisidagi o‘ylar”, vatan va millat mavzusidagi turkum she’rlar e’lon qilingan.

 

Jurnal sahifalarida ichki adovat, mayda manfaatlar, milliy nizolar el orasida totuvlikning yo‘qolib, parokanda holga kelishi, yurtning vayron bo‘lishiga olib keladigan illatlar ekani “Alpomish” dostoni misolida keltirilgan. “Vatan” jurnalini o‘qing – jadid bobolarimizning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyasiga hamnafas bo‘ling!

1 Izoh

Inobat Omonova

20:03 / 15.03.2024

Assalomu alaykum. Telegram ijtimoiy tarmogʻida electron shakli berib boriladimi ushbu jurnalning. Doimiy kuzatish uchun qanday obuna boʻlsak boʻladi

Izoh qoldirish

//