“Oppengeymer” 7 ta Oscar mukofotiga loyiq koʻrildi

Saqlash
10:03 / 11.03.2024 769 0

Los-Anjelesda Osсar-2024 mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqida Meduza xabar berdi.

 

Xabarga koʻra, “Oppengeymer” kinokartinasi “Eng yaxshi film”, film rejissyori Kristofer Nolan esa “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyalari boʻyicha Oscarʼga loyiq koʻrildi. Ammo bu hali hammasi emas. Film bosh qahramonini jonlantirgan Killian Merfi “Eng yaxshi aktyor” sifatida Oscarʼni qoʻlga kiritdi. Kichik Robert Dauni esa ushbu filmdagi ijrosi uchun eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor sifatida eʼtirof etildi. Xullas, ushbu yil kinosi hammasi boʻlib 7 ta Oscar olgan

 

Shuningdek, 2024-yilgi “Eng yaxshi film” nominatsiyasiga quyidagi filmlar ham nomzod sifatida koʻrilgan:

▫️ “Amerikancha choʻpchak”;

▫️ “Qulash anatomiyasi”;

▫️ “Barbi”;

▫️ “Qoldirib ketilganlar”;

▫️ “Toʻlin oy qotillari”;

▫️ “Maestro”;

▫️ “Oʻtgan hayotlar”;

▫️ “Bechoralar-baxtsizlar”;

▫️ “Qiziqish zonasi”.

 

“Eng yaxshi ayol roli” uchun beriladigan Oscar mukofoti “Bechoralar-baxtsizlar” filmidagi ijrosi uchun Emma Stounga nasib qildi. Taʼkidlash lozim, ushbu film eng yaxshi kostyumlar, grim va soch turmagi, badiiy rassom ishi uchun kinoakademiya mukofotlarini ham qoʻlga kiritgan.

 

Davayn Joy Rendolf esa “Qoldirib ketilganlar” filmidagi roli uchun ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa sifatida eʼtirof etildi.

 

Rejissyor Mstislav Chernov tomonidan suratga olingan “Mariupolda 20 kun” filmi eng yaxshi toʻliq metrajli hujjatli film deb topildi.

 

Eng yaxshi animatsion film uchun beriladigan mukofot Xayao Miyadzakining “Bola va qush” filmiga nasib etdi.

 

Filmdagi eng yaxshi qoʻshiq uchun Oscar mukofoti Billi Aylish va Finneas OʻKonnellga topshirildi. Ular “Barbi” filmida “What Was I Made For?” qoʻshigʻini kuylashgan.

 

Maʼlumot uchun, “Barbi” rejissyori Greta Gervig va filmda bosh rolni ijro etgan Margo Robbi Oscar mukofotiga nomzod sifatida qoʻyilmagan.

 

Oldinroq Oyina.uz Oscar-2024 kimga nasib qilishi haqida taxmin qilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish