Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi nishonlandi

Saqlash
01:20 / 11.12.2021 1455 0

Kecha, 10-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat   akademik katta teatrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida shoir Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

 

Tantana avvalida teatr foyesida Yozuvchilar uyushmasi tomonidan davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ijodiga oid kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirga taniqli davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, xorijlik mehmonlar, talabalar, ijodiy tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lishdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, TURKSOY xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xo‘jageldi Kultegin, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi, Tojikiston xalq shoiri Nizom Qosim, Qirg‘iz Respublikasi Milliy Yozuvchilar uyushmasi raisi Nurlan Qallibekov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov so‘zga chiqib, Abdulla Oripov ijodining turkiy xalqlar adabiyoti rivojidagi o‘rni va ahamiyati haqida gapirdi.

 

Kechaga kelgan mehmonlarga “Abdulla Oripovning “Tanlangan asarlar”i, “Mening O‘zbekistonim”, “Veter moyego kraya” hamda “Abdulla Oripov dahosi” kitoblari sovg‘a qilindi.

 Tadbirda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari atoqli shoir she’rlaridan namunalar o‘qidi. Tantanali kechada O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari shoir qalamiga mansub she’rlarni ingliz, fransuz, nemis, yapon, xitoy, koreys, arab tillarida aytib berishdi.

 

Tantanali kechada el ardog‘idagi san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, O‘zbek davlat drama teatri ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan, Abdulla Oripovga hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Yillar armoni” nomli spektaklidan parcha namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//