Madaniyat
2024-yilning 9-fevral kuni buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamkorlikda “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” mavzusida xalqaro simpozium oʻtkazildi.
Anjumanda Afgʻoniston, AQSH, BAA, Belgiya, Eron, Hindiston, Kipr, Misr, Ozarboyjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Vengriya, Xitoy kabi dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlaridan navoiyshunos olimlar jamlanib, oʻz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirda davlat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, xorijiy mamlakatlarning favqulodda va muxtor elchilari, navoiyshunos, tilshunos olimlar tabrik soʻzlari bilan qatnashdi.
Maʼlumot uchun, bu yilgi xalqaro simpoziumga 80 dan ortiq xorijiy, 127 ta respublika miqyosida maqolalar kelib tushgan. Ular ichidan 70 ta maqola komissiya tomonidan saralanib, toʻplam holida chop etildi.
Uchinchi simpoziumning geografiyasi yanada kengaygan boʻlib, dunyoning toʻrt qitʼasidan olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari taqdim etilgan.
Xalqaro simpozium “Alisher Navoiy asarlarida tilshunoslik va qiyosiy adabiyotshunoslik masalalari”, “Temuriylar davri va Uygʻonish maʼrifati”, “Navoiyni anglash. Matnshunoslik va manbashunoslik masalalari” deb nomlangan uch shoʻbaga boʻlingan holda, oʻz ishini davom ettirdi.
Yangi nazariy qarashlar bilan toʻyingan ilmiy maʼruzalar va qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlgan simpoziumda Navoiy ijodiga munosabat, Navoiy shaxsini, ilmiy merosini oʻrganish, yanada keng targʻib qilish, boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish kabi vazifalar ham belgilab olindi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q