Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi ko‘tarinki ruhda nishonlandi

Saqlash
22:46 / 09.02.2024 1209 0

 

 

Bu yil ulugʻ mutafakkir shoir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi mamlakatimiz miqyosida gʻoyat koʻtarinkilik bilan nishonlanmoqda. Bu esa mamlakatimizda alloma shoir bobomiz merosini asrab-avaylash, uni oʻrganish, keng targʻib etish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni zamon ruhiga hamohang tashkil etish borasidagi amaliy ishlarning natijasidir.

 

9 fevral – Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni erta tongdan ijodkor ziyolilar, adabiyot muxlislari, mamlakatimizdagi chet el diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, chet ellik navoiyshunos olimlar, turli vazirlik va tashkilotlarning vakillari, talaba-yoshlar bilan gavjum boʻldi.

 

Unda Navoiy ijodiga oid kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi. Mumtoz navolarning jarangi esa yigʻilganlarni ulugʻ mutafakkirni yana bir karra anglashga chorladi.

 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan shoir haykali poyiga gullar qoʻyilib, ehtirom koʻrsatildi.

 

Tadbir davomida jamoat arboblari, xalqimizning koʻzga koʻringan vakillari, xorijdan kelgan mehmonlar soʻzga chiqib yurtimizdagi adabiy islohotlarda Alisher Navoiy asarlarini oʻrganish, keng targʻib qilish va uni xorijiy tillarga tarjima qilishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

 

Jumladan, Qozogʻiston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Jasulan Iskakov Alisher Navoiy ijodi oʻzining oʻlmas va hayotbaxsh ezgu gʻoyalari bilan hamon bashariyatni ezgulikka, tinchlik va hamjihatlikka, maʼnaviy poklik, insof-diyonatga chorlab kelayotganini taʼkidladi.

 

Eronlik olim, professor Gʻulom Rizo Razmiy esa Navoiyning Eronda saqlanayotgan qoʻlyozmalari, ushbu mamlakatda ulugʻ alloma bunyod ettirgan inshootlar xususida maʼlumot berdi. U Oʻzbekiston zaminida, buyuk Alisher Navoiy avlodlari huzurida ekanimdan gʻoyat mamnunligini aytar ekan, Eron va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqalishini, bu munosabatlarning eng ravnaq topgan jihatlari Navoiy yashagan, ijod qilgan davr bilan bevosita bogʻliqligini taʼkidlab oʻtdi.

 

Maʼlumot uchun, shoirning ijodiga bagʻishlangan tadbirlar poytaxtning Navoiy koʻchasidagi Shoirlar xiyobonida, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tutash maydondagi alloma haykali poyida ham boʻlib oʻtdi.

Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha taʼlim maskanlari, kutubxonalar, ijodiy tashkilotlarda boʻlib oʻtmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//