Rossiyalik teleboshlovchiga Qozog‘istonga kirish taqiqlandi

Saqlash
19:56 / 22.01.2024 1279 0

Rossiyaning TNT kanali direktori Tina Kendelaki uning qozoq tili haqidagi fikrlarini tanqid qilgan qozog‘istonliklarni “manqurt”ga qiyoslagandi.

 

Rossiyalik teleboshlovchi va TNT telekanali direktori Tina Kandelakining Qozog‘istonga kirishi taqiqlanadi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi vakili Aybek Smadiyarov xabar berdi.

 

“Agar zarur bo‘lsa, choralar ko‘riladi. Bizdan bugun yoki ertaga buni (mamlakatga kirishi taqiqlanganlar ro‘yxati) talab qilmang, lekin davlat buni hech qachon kechirmaydi. Balki unda (Kandelakida) Qozog‘istonga kelish niyati yo‘qdir, lekin agar u kelishga qaror qilsa, uni kiritishmaydi”, degan Smadiyarov jurnalistlarning tegishli savoliga javob berar ekan.

 

2024-yil yanvar oyi oʻrtalarida Kandelaki oʻzining Telegram kanalida Qozogʻistonda rus tilining davlat darajasida siqib chiqarilayotgani haqida post eʼlon qildi. U Qozog‘iston Transport vazirligi bir qancha temiryo‘l vokzallarining ruscha nomlarini qozoqcha nomlar bilan almashtirayotganini bunga misol qilib keltirgan.

 

Kandelakining bu postiga bir qator qozog‘istonlik deputatlar keskin reaksiya bildirdi. Deputat Maqsat Toʻliqbay hozir Qozogʻiston aholisining 70 foizdan ortigʻini etnik qozoqlar tashkil etishi va qozoq tili mamlakat tub aholisining koʻp qismini birlashtirishini eslatdi.

 

“Bu qandaydir odamning shaxsiy fikri. Uning (Kendalakining) Qozogʻistonga qandaydir aloqasi bormi o‘zi? U shu yerda edimi? Aslida hech kim hech narsani siqib chiqarmayapti”, deya Kandelakining bayonotiga javob bergan deputat Irina Smirnova.

 

Keyinroq rossiyalik teleboshlovchi qozog‘istonliklarning uning postiga munosabatiga izoh berib, buni “qiziqish va qayg‘u bilan” kuzatayotganini ta’kidladi.

 

“Qichqiriq, shovqin, yo‘qolish haqida maslahatlar — bunaqalari ko‘p, lekin yangi narsa yo‘q. Bularning barchasi allaqachon sodir bo‘lgan. Hurmatli qozoqlar, sizda oddiy, ammo keng qamrovli tushuncha bor — “manqu”. Undan manqurt — xotirasini, o‘zligini, ba’zan aqlini yo‘qotgan odam obrazi kelib chiqadi. O‘zini va bo‘lib o‘tgan barcha narsani xotirlamaslik, tarixdan, jumladan tarixiy nomlardan voz kechish nafaqat savodsizlik, balki xavfli ish hamdir”, degan TNT bosh direktori.

 

Shundan so‘ng ko‘plab qozoq faollari rossiyalik teleboshlovchining bu haqoratiga munosib javob berish kerakligini ta’kidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//