Tatariston rasmiylariga o‘zbek tilini o‘rganish maslahat berildi

Saqlash
15:29 / 22.01.2024 1101 0

Rossiyalik iqtisodchi Natalya Zubarevich Tatariston hukumatiga mamlakatdagi ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilish uchun O‘zbekistonga yuzlanish va o‘zbek tilini o‘rganishni maslahat berdi.

 

“Bu borada hech narsa qilib bo‘lmaydi, faqat moslashish kerak. Tataristonda va umuman Rossiyada ishchi kuchi yetishmasligi muammosini 2020-yillar oxirigacha hal qilib bo‘lmaydi”, degan u Tatariston Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (IRA) yig‘ilishida.

 

Zubarevich buni Rossiya aholisi demografik tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohladi. “Ular (rossiyaliklar) mehnat bozoriga 20 yoshda kirmoqda, bu juda kamchilik avlod. Ularning soni 35-38 yoshdagilarga qaraganda uch barobar kam. Ayollar endi tug‘may qo‘ydi. Sizga ishchi kuchi kerak, ammo u yo‘q”, deya ta’kidlagan ekspert.

 

Iqtisodchi mutasaddilarga “O‘zbekistonga nazar solishni” taklif qilgan.

 

“Kadrlar sifati nuqtayi nazaridan O‘zbekiston Tojikistondan yaxshiroq”, degan Zubarevich. Shu bilan birga, u chet elliklar o‘z oilasi bilan kelishi tufayli ijtimoiy xarajatlar ortib borishi haqida ogohlantirgan.

 

“Qisqasi, Rossiyadan ishchi kuchini topa olmaysiz. Kavkazga bormasangiz ham bo‘ladi — bu odamlar stanok oldida turmaydi. O‘zbeklar esa bir nechta zavodlarni, jumladan, koreyaliklarnikini ochdi… Va bu Toshkent yaqinida, Farg‘ona vodiysida ish berdi. Shuning uchun o‘zbek tilini o‘rganing, bu siz uchun oson”, degan iqtisodchi Tatariston rasmiylariga.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//