“Jadid” gazetasining ilk soni chop etildi

Saqlash
23:01 / 03.01.2024 2242 2

Joriy yilning 1-yanvari kuni “Jadid” nomli adabiy, ilmiy-maʼrifiy va ijtimoiy haftalik gazetaning ilk soni nashr etildi. Sakkiz sahifadan iborat gazetaning har bir sahifasi alohida ruknlarga ajratilib, ular “Davr ruhi”, “Oyna”, “Jamiyat”, “Fikr maydoni”, “Tamaddun”, “Boqiy meros” va “Birinchi kitobim” deb ataldi.

 

Oʻtgan asr ibtidosida, oʻta murakkab boʻlgan tarixiy sharoitda maʼrifatparvar bobolarimiz milliy ozodlik ,uygʻonish, va taraqqiyot gʻoyalari bilan maydonga chiqib, oʻzlarining benazir salohiyati, noyob insoniy fazilatlari bilan ulkan fidoyilik va jasorat namunalarini koʻrsatgani hammamizga yaxshi maʼlum. Taʼbir joiz boʻlsa, ularning buyuk ibrati kelajak avlodlar uchun beqiyos saboq boʻlib qoldi. “Jadid”ning “yangi” maʼnosini anglatuvchi mohiyatidan kelib chiqsak, yangi gazeta jadid bobolarimizning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan mushtarak gʻoya va dasturlarini atroflicha yoritib, ular merosini el-yurtimiz, avvalo yoshlarimiz qalbi va shuuriga yetkazishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda oʻziga xos minbar boʻlib qolishi koʻzda tutiladi.

 

Gazeta ilk sonining mazmun-mundarijasiga kelsak, u nihoyatda rang-barang va qiziqarli mavzularni qamrab olgan. Xususan, Bosh muharrir Iqbol Mirzo oʻzining “Birlashmoq davri” maqolasida gazetaning maqsad vazifalariga toʻxtalsa, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov “Inson qalbiga yoʻl” maqolasida Vatanimizning yangi taraqqiyot yoʻliga chiqqanidan faxr va iftixor tuygʻularini izhor etadi.

 

Filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarovaning “Uygʻonish nuqtasi” maqolasi oʻtgan yili 11-12-dekabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Jadidlar:milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumandan kelib chiqib, Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy asoslari xususida bahs yuritadi. Professor Hamidulla Boltaboyev “Uchinchi Renessansning milliy poydevori” nomli maqolasida jadidlar faoliyatini qamrab olsa, professor Bahodir Karimov “Turon” jadid kutubxonasi bunyod etilsa” maqolasida ulugʻ bobolarimiz merosini oʻrganish uchun yangi kutubxona ochish taklifini beradi. Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Olimjon Davlatovning “Bayram kimniki?» maqolasida esa yangi yil tarixidan qiziqarli maʼlumotlar keltiriladi.

 

Gazetaning “Boqiy meros” ruknida ulugʻ jadidlarimiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?» maqolasi hamda Abdulhamid Sulaymon Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va Abdulla Avloniy sheʼrlaridan goʻzal namunalar bilan tanishasiz. Gazetaning soʻnggi – “Birinchi kitobim” rukni sahifasidan yosh avlod – Mavluda Boycheva, Erkin Hojimuhammad, Munisa Aʼzamova Xosiyat Abdurahmonova va boshqalarning badiiy ijod namunalari oʻrin olgan.

2 Izohlar

Oʻgʻiloy

00:01 / 10.01.2024

Qoyil!!! Biz oʻzbek tilini, alifbomizga boʻlgan eʼtiborimizning mevasini koʻryapsizlarmi? Nom lotinda, matn esa krillda, ofarin,tasanno! Bunga kim izoh beradi?

Azamat Vakhobov

00:01 / 04.01.2024

Hayrli boʻlsin! Yurtimiz shonli tarixi bilan ertangi kun yoshlariga koʻprik vazifasini bajarishiga ishonamiz. Yangi Oʻzbekistonimizning mustahkam poydevori uchun yana bir muhim qadam boʻldi.

Izoh qoldirish

//