Hokim yordamchisi lavozimida oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar ham ishlashi mumkin

Saqlash
15:40 / 06.12.2021 1032 0

“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etiladi. 

 

Mazkur lavozimga:

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investisiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investisiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (shoʻba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;

 

nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;

 

tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

 

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari;
tuman (shahar) hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari.

 

Agentlik direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.

 

Farmonga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 

 

Ushbu ko‘krak nishoni bilan hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslar taqdirlanadi. 

 

Farmon bilan shuningdek, Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//