Toshkent viloyatidagi arxeologik yodgorlikka qariyb 14 mlrd soʻmlik zarar yetkazildi

Saqlash
16:36 / 21.11.2023 1313 0

Toshkent viloyatidagi “Qanqa shahristoni” arxeologiya yodgorligi hududi oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib olingani, xususan, uy-joylar qurilishi, bogʻ va ekin ekish maydonlari tashkil etilgani aniqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga koʻra, buning oqibatida arxeologiya yodgorligiga jiddiy zarar yetkazilganini maʼlum qildi.

Yodgorlikning kadastr hujjatiga koʻra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0,50 gektariga fuqaro A.B., 0,79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xoʻjalik ekinlari (makkajoʻxori) ekib, oʻzboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.

Bundan tashqari, sohaga oid huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqoʻrgʻon tuman hokimining 2016-yil 8-iyundagi qarori bilan fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band boʻlgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0,56 gektar yer maydoni ajratilgan.

Ushbu maydonning 140,4 kvadrat metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bogʻ tashkil qilingan.

Oʻrganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektiga yetkazgan moddiy zarar boʻyicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektiga A.P. tomonidan 10 milliard 367 million 448,3 ming soʻm, A.B. tomonidan 2 milliard 423 million 520 ming soʻm, T.B. tomonidan 1 milliard 093 mln 950 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Agentlik taqdim etgan oʻrganish hujjatlariga koʻra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Qanqa shahristoni” moddiy madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olingan. Obyekt davri miloddan avvalgi III asr — milodning XII asriga taalluqli boʻlib, u davlat mulki sifatida Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//