Ayollarning katta sigʻimli avtobuslarni boshqarishlariga ruxsat berilyapti

Saqlash
15:12 / 20.11.2023 1064 0

Hukumatning avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlashga doir qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Hujjat loyihasiga koʻra, ayollarni avtotransport sohasi bilan bogʻliq kasblarda mehnat faoliyatini olib borishda teng sharoitlar yaratish maqsadida ularga 14 oʻrindiqdan ortiq boʻlgan avtobuslarni boshqarish boʻyicha amaldagi taqiqni bekor qilinadi.

Amaldagi tartibga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomning 27-bandiga koʻra, “C” yoki “D” toifalariga oid avtotransport vositalarini boshqarish uchun ayollarga yuk avtomobillarini yoki avtobuslarni boshqarish muayyan cheklashlar (avtomobillarning yuk koʻtarishi 2,5 tonnadan, avtobusda yoʻlovchilarning soni 14 kishidan oshmasligi kerak) asosida ruxsat etiladi.

Shuningdek, mazkur qarorning 3-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomning 5-bandiga koʻra, ayollarni “BC” va “D” toifalariga tayyorlashni tashkil qilishda yuk avtomobillarining yuk koʻtarishi 2,5 tonnadan va avtobuslarning yoʻlovchilar tashish uchun ruxsat etilgan soni 14 kishidan oshmasligi kerak.

Yaʼni, mazkur normalarga muvofiq ayollar faqatgina yoʻlovchilarning soni 14 kishidan oshmaydigan avtobusni haydovchi sifatida boshqarishi mumkin. “Mazkur normalar transport sohasida gender tenglikni taʼminlash va katta sigʻimli avtobuslarni (elektrobus) boshqarishda ayollarni jalb etishga imkoniyat bermaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga muvofiq xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi”, – deyiladi Transport vazirligi tushuntirishida.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarorining 2-ilovasi 27-bandi hamda 3-ilovasi 5-bandi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiq emas deb topilishi xulosa qilinadi hamda mazkur normalarni bekor qilish choralarini koʻrish taklif etiladi.

Vazirlikka koʻra, bugungi kunda yoʻlovchi tashish uchun jalb qilinayotgan avtobuslar va elektrobuslar oʻzining zamonaviyligi va boshqarishda qulayligi bilan ajralib turadi. Gidravlikalik boshqarish (rul) xususiyatlari esa transport vositasini boshqarishda ayollarga ortiqcha qiyinchiliklar va jismoniy zoʻriqishlar tugʻdirmaydi.

Mazkur loyiha bilan yuqoridagi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//