Jamiyat
Xodimlarga har yili kuz mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun taqdim qilinadigan moddiy yordam shakli ogʻzaki nutqda “kartoshka puli” deb yuritiladi.
Mehnat kodeksida ish beruvchiga xodimlarga mazkur turdagi moddiy yordamni taqdim qilishi haqida toʻgʻridan toʻgʻri majburiyat yuklanmagan. Faqatgina, ayrim davlat tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlashga oid qonunchilik hujjatlarida xodimlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotib olish uchun moddiy yordam ajratish haqida alohida holatlar belgilab oʻtilgan.
Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 12-son qaroriga ilova “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 13-bandida, 2017-yil 4-dekabrdagi 963-son qaroriga 2-ilova “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish shartlari va tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 11-bandida hamda 2017-yil 22-iyundagi 409-son qaroriga ilova “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 14, 18-3-bandlarida, shuningdek, Prezidentning 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qaroriga 4-ilova “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 2-bandida va boshqa qonunchilik hujjatlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun moddiy yordam belgilangan.
Qonunchilik hujjatlarida “kartoshka puli” nazarda tutilmagan xodimlarga ushbu moddiy yordam qanday tartibda beriladi?
Mehnat kodeksining 13-moddasiga koʻra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qoʻshimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. Mehnat kodeksining 12-moddasiga koʻra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:
jamoa kelishuvlari;
jamoa shartnomalari;
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
Mehnat kodeksining 67-moddasiga koʻra, tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qoʻshimcha taʼtillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensatsiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq toʻlanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmogʻi uchun haq toʻlash, oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish uchun ssudalar toʻlash va haq toʻlash, boshqa qoʻshimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar) ham boʻlishi mumkin.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 16-moddasiga koʻra, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodimga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganiga nisbatan qoʻshimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Demak, nafaqat qonunchilik hujjatlarida balki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida ham “kartoshka puli” nazarda tutilishi mumkin ekan. Masalan, tashkilot jamoa shartnomasida ish beruvchi har yili kuz mavsumida xodimlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobari miqdorida moddiy yordam toʻlanishini taʼminlashi belgilangan. Bu holatda barcha xodimlarga 1 million 650 ming soʻm miqdorda moddiy yordam taqdim qilinishi kerak.
“Kartoshka puli” uchun ariza yozish shartmi?
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun beriladigan moddiy yordamning oʻziga xosligi bu jamoaviy toʻlov hisoblanadi. Agar mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, “kartoshka puli” faqat ayrim “tanlangan” xodimlargagina emas, balki barcha xodimlarga birdek miqdorda toʻlanadigan moddiy yordam turidir.
Demak, qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida barcha xodimlar uchun “kartoshka puli” nazarda tutilgan boʻlsa, ariza yozish shart emas. Ish beruvchining buyrugʻi yetarli hisoblanadi.
Agar ish beruvchi “kartoshka puli”ni taqdim qilishdan bosh tortsa-chi?
Mehnat kodeksining 34-moddasida mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari keltirib oʻtilgan. Masalan, taraflar tomonidan majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishning ixtiyoriyligi hamda taraflar oʻz zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligi prinsiplari.
Demak, agar ish beruvchi mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda berilishi shart qilib koʻrsatilgan kafolatlarni berishdan bosh tortsa, bu mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 49-moddasiga koʻra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
“Kartoshka puli”dan ham daromad soligʻi ushlanadimi?
Soliq kodeksi 377-moddasi 10-bandiga koʻra, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablagʻlar berish tarzida koʻrsatiladigan moddiy yordam soliq toʻlovchining boshqa daromadlariga kiradi.
Soliq kodeksi 378-moddasi 1-qismi 1-bandiga koʻra, ushbu kodeksning 377-moddasida koʻrsatilgan boshqa hollarda, soliq davri uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda moddiy yordam summalari tarzidagi daromad turlariga soliq solinmaydi.
Masalan, bunda imtiyoz moddiy yordamning mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining (2023-yil oktyabr holatiga koʻra 980 ming soʻm) 4,22 baravarigacha (4 mln 135,6 ming soʻmgacha) boʻlgan qismiga qoʻllaniladi. Masalan, “kartoshka puli” 5 mln soʻm boʻlsa, uning 4 mln 135,6 ming soʻmi uchun soliq toʻlanmaydi, qolgan 864 400 soʻmidan daromad soligʻi undiriladi.
Intizomiy jazosi bor xodimlarga ham “kartoshka puli” beriladimi?
Mehnat kodeksining 299-moddasi 5-qismiga koʻra, intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qoʻllanilmaydi.
Diqqat qiling, bu yerda gap ragʻbatlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar haqida gap ketmoqda. Yaʼni moddiy yordam ragʻbatlantirish chorasi hisoblanmaydi.
Bundan xulosa qilsak, qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida “kartoshka puli” nazarda tutilgan boʻlsa, intizomiy jazosi bor xodimlarga ham “kartoshka puli” tarzidagi moddiy yordam beriladi.
Demak, qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida yoki siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasida bu nazarda tutilgan boʻlsa, sizga “kartoshka puli” toʻlab beriladi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q