Mirzo Ulug‘bekning yoshligi aks etgan suvrat aniqlandi

Saqlash
10:50 / 07.11.2023 5696 0

Mirzo Ulug‘bekning yoshligi aks etgan miniatura topildi. Bu haqda Samarqandda o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” mavzusidagi VII xalqaro kongressda ma’lum qilindi.

 

 

Anjumanda Moskvadagi Marjoniy fondi vakili Galina Lasikova ularda saqlanayotgan Buxoro qo‘lyozmalari va miniaturalari haqida ma’ruza qildi. U noma’lum muallifning “Majlis al-ushshoq” (“Oshiqlar majlisi”) asaridagi miniaturalardan birida Shayx Orif Ozariy va yosh Mirzo Ulug‘bek tasvirlangani haqida ma’lumot berdi. Suvratning orqa tomonida Mirzo Ulug‘bek to‘g‘risida matn borligi ham bejiz emas. Mazkur tasviriy san’at asari XVII asrdagi Buxoro miniatura maktabiga oid deya taxmin qilinmoqda.

 

 

– 2022-yili “O‘zbekiston sanʼati tarixi” degan kitobim uch tilda nashrdan chiqdi. Kitobning o‘zbekcha varianti muqovasiga Moskvadagi Marjoniy fondida saqlanayotgan miniaturani qo‘ygandik. Suvratda keksa donishmand yosh yigitga dars berayotgani aks etgan. Xalqaro kongressning birinchi kuni bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo tarixi va san’ati: izlanishlar va kashfiyotlar” mavzusidagi anjumanda Marjoniy fondi vakili Galina Lasikova ushbu suvratda Mirzo Ulug‘bekning yoshligi aks etgani haqida so‘zladi. Bu Xalqaro kongressning o‘ziga xos sensatsiyasiga aylandi, desak adashmaymiz.

 

Yana bir muhim ilmiy masala – Movarounnahrda XV asrda miniatura maktablari bor edimi, degan savol muhokama markazida bo‘ldi. Bilamizki, Temuriylar davrida Hirot, Tabriz kabi shaharlarda tasviriy sanʼat rivojlangan. O‘zbekiston zaminida esa sal keyinroq XVI asrda miniatura maktabi bo‘lgani ilmiy tan olingan. Lekin XV asr haqida gap ketganda aniq fikrga kelinmagan. Xalqaro kongressning kelgusi yildagi yig‘inlarida ayni masalaga alohida ahamiyat qaratishga kelishib oldik.

 

Samarqand shahrida “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//