Qahramon Quronboyev boshchiligidagi Komissiya Rossiyaga borib, migrantlar ahvolini oʻrganyapti

Saqlash
15:01 / 11.10.2023 1537 0

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi Rossiyada boʻlib, u yerda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik muhojirlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev boshchiligidagi Komissiya aʼzolari 9–20-oktabr kunlari Rossiyada boʻladi.

 

“Ayni paytda, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi komissiya aʼzolari Novosibirsk shahrida istiqomat qiladigan oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun moʻljallangan yotoqxonalarda boʻlib, u yerda oʻrganish ishlarini olib bordi.

Oʻrganishlar jarayonida yotoqxonada istiqomat qiladigan 62 nafar hamyurtlarimiz bilan bilan ochiq muloqot tashkil etilib, masalalar shu yerning oʻzida hal etilib, qolganlari ishlab chiqiladigan yoʻl xaritaga qoʻshishga kelishib olindi”, — deb yozgan Alisher Saʼdullayev oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
 

 

 

Qayd etilishicha, maʼlum vaqt, atroflicha oʻrganishni taqozo etadigan murojaatlarni hal etish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Oʻzbekistonning tegishli idoralari maʼlumotlariga koʻra, hozirda xorijda doimiy asosda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 2 million kishidan oshadi, ularning 60 foizdan ortigʻi Rossiya Federatsiyasida mehnat qiladi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili mehnat muhojirlari oʻz vatanlariga 20 milliard dollarga yaqin pul oʻtkazgan, Oʻzbekistonga oʻtkazmalarning 80 foizdan ortigʻi Rossiyadan kelgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiyada migrantlarning ayrim sohalarda ishlashi taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//