Oʻzbekistonda Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti tashkil etildi

Saqlash
16:54 / 10.10.2023 1332 0

Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti va Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Davlat rahbarining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2023-yil 1-iyundagi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Agentlik huzurida Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi va Ijtimoiy himoyani rivojlantirish institutini tashkil etish nazarda tutilgan. Hujjat bilan Markaz va Institutning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Institut – aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan samarali va istiqbolli takliflar ishlab chiqish boʻyicha davlat muassasasi hisoblanadi.

Markaz Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiriladigan hamda nazorat qilinadigan faoliyat yoʻnalishlaridagi xodimlari malakasini oshirish uchun hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish boʻyicha davlat muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

— respublika budjeti mablagʻlari;

— ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan grantlar;

— xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

— jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

— qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markaz quyidagilar hisobidan moliyalashtiriladi:

— respublika budjeti mablagʻlari;

— toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

— xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

— jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

— qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//