Yoʻl harakati qoidalariga skuter va elektrosamokatlar boʻyicha qoʻshimcha kiritiladi

Saqlash
15:42 / 10.10.2023 1056 0

Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Hujjat loyihasida aytilishicha, Toshkent shahrida joriy yilning 14-iyun kunidan boshlab oʻtkazilayotgan reyd tadbirlari davomida elektrosamokatlar boshqaruvchilari tomonidan 190-marta yoʻl harakati qoidalari buzilgani aniqlangan.

Qaror loyihasida yoʻllarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini ishonchli taʼminlash, bunda individual harakatlanish vositalari va skuterlardan foydalanishda yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash tartiblari joriy etilmoqda.

Loyiha bilan:

“skuter” va “individual harakatlanish vositalari” tushunchalariga taʼrif berilib, ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritilmoqda;

yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda;

Yoʻl harakati qoidalariga 1-ilova — Yoʻl belgilari esa qoʻshimcha ravishda 3.5.1 (skuterlar harakatlanishi taqiqlangan) va 3.34 (individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan) yoʻl belgilari bilan toʻldirilmoqda;

Yoʻl harakati qoidalari yangi 12-1 va 12-2-bandlar bilan toʻldirilib, individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslarga taqiqlanadigan va majburiy boʻlgan harakatlar belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, Yoʻl harakati qoidalarining tegishli bandlari “skuter” va “individual harakatlanish vositalari” soʻzlari bilan toʻldirilmoqda.

Individual harakatlanish vositalarini boshqaradigan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

14 yoshdan kichik shaxslarni boshqarishi (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);

spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;

 

bir yoki bir nechta IHVni shatakka olish;

tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek sutkaning qorongʻi vaqtida yoki koʻrinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan IHVni boshqarish;

rulni ushlamasdan yoki bir qoʻlda ushlab harakatlanish (IHV uchun);

yoʻlovchi bilan boshqarish;

telefondan foydalanish.

IHV fara yoki fonar, tormoz, tovush ishorasi, shuningdek old tomonida oq rangli, yon tomonida qizil yoki apelsin rangli, orqa tomonida qizil rangli nur qaytargichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.

Individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslar:

harakat davomida yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishi;

trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori boʻlmagan holatda, ular boʻlmaganda esa yoʻlning oʻng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori boʻlmagan holatda harakatlanishi;

yoʻllarning qatnov qismidan harakatlanishi;

turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat ishtirokchilariga yoʻl berishi;

qatʼiy ravishda boshqa transport vositalarini harakat yoʻnalishi boʻyicha boshqarish kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//