Afgʻonistonda sodir boʻlgan zilzila qurbonlari soni ikki mingdan oshdi. Oʻzbekiston TIV zilzila qurbonlarining oilalariga hamdardlik bildirdi

Saqlash
15:20 / 09.10.2023 1088 0

7-oktabr kuni Afgʻoniston gʻarbida roʻy bergan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni ikki mingdan oshgan.

“Tolibon” harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid halok boʻlganlar soni 2053 nafarga yetgani, jabrlanganlar 1240 dan oshgani, 1320 ta uy toʻliq yoki qisman vayron boʻlganini maʼlum qildi, deb yozmoqda CNN. Shuningdek, raqamlar yanada koʻpayishi mumkinligi aytilgan.

Zilzila markazi Hirot viloyatiga qutqaruv guruhlari, shuningdek, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va kiyim-kechak yuborilgan. Dastlabki zilzila qoʻshni Badgis va Farah viloyatlarida ham sezilgan va undan keyin koʻplab aftershoklar kuzatilgan.

BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining qayd etishicha, hozirga qadar hodisa oqibatida jami 4200 kishi (600 ta oila) zarar koʻrgan. Zilziladan soʻng omon qolganlar xavfsizlik uchun koʻchalarda toʻplanishmoqda.

Vaziyat yuzasidan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot berib, koʻplab insonlarning halok boʻlishi va keng koʻlamli vayronagarchiliklarga olib kelgan zilzila haqidagi xabar Oʻzbekistonda chuqur qaygʻu bilan qabul qilinganini bildirdi.

Hamdardlik matnida Oʻzbekistonning afgʻon xalqining qaygʻusiga sherik ekanligi va jabrlanganlarning tezroq sogʻayib ketishi tilangan. Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston va uning xalqi bilan bugungi ogʻir damlarda birgaligi qoʻshimcha qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//