Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoyda boʻlib oʻtgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi.
“Avvalo, Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qoʻlga kiritganingiz bilan siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlarning jonajon Oʻzbekistonimiz sharafini himoya qilish yoʻlida keskin kurash olib borib, ulkan yutuqlarga erishganingiz, hech shubhasiz, barchamizni, koʻp millatli xalqimizni cheksiz quvontirdi”, — deb boshlandi tabrik matni.
“132 nafar vakilimiz jami 71 ta medalni qoʻlga kiritib, oʻtgan Osiyo oʻyinlariga nisbatan rekord natijani qayd etganlari ham barchamizni quvontiradi”, — deyiladi tabrikda.
Davlat rahbari oʻzbekistonlik sportchilar Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Eron, Indoneziya, Qozogʻiston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vyetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi oʻrinni egallaganini eʼtirof etdi.
“Osiyo oʻyinlarida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega boʻlib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, Oʻzbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz.
Oʻz navbatida 2024-yil Parijda boʻlib oʻtadigan 33-olimpiya oʻyinlarida ham yuksak choʻqqilarni zabt etishingizga ishonaman!”, — deydi prezident.
Maʼlumot uchun, Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida qitʼaning 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etdi. Musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q