Jamiyat
Oʻzbekistonda zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi 15-iyul kuni Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida bir qiz toʻrt erkak tomonidan zoʻrlangan holat haqida xabar berdi.
Loyihaga qizning ota-onasi murojaat bilan chiqqan. Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, qiz oʻsha kuni uyidan 300 metr uzoqlikda boʻlgan qarindoshinikiga borgan. Yoʻlda u qishloqdoshining uyi yonida bir guruh mast odamlarni koʻrgan. Qiz ularni aylanib oʻtish uchun yoʻlning narigi tomoniga oʻtgan. Biroq qoʻshnisi uning qoʻlidan ushlab olgan va unga muqaddam sudlangan yana bir kishi qoʻshilgan. Nemolchi.uz ularning ismlarini ham keltirgan.
Qizni zoʻrlik bilan uyga sudrab kirishgan, uch kishi uni kaltaklagan va zoʻrlagan, qarshilik koʻrsatmaslik uchun unga pichoq bilan tahdid qilishgan, deb yozadi loyiha. Keyin erkaklar tanishiga qoʻngʻiroq qilib, uni zoʻrlashga qoʻshilishga taklif qilgan. Keyin qizni oʻldiraman deb qoʻrqitib, yana kaltaklashgan va jim turishini aytishgan.
Shundan soʻng, qiz qonga belangan koʻylagi bilan shok holatda qarindoshinikiga yetib kelgan va tuman ichki ishlar xodimiga murojaat qilingan. Jabrlanuvchining qarindoshlari aytishicha, tuman IIB xodimi hafta oxiri ekanligini va shuning uchun dushanba kuni kelishlarini aytgan, ammo dushanba kuni u ekspertiza uchun yoʻllanma bermagan. Shundan soʻng ular prokuraturaga borishga majbur boʻlgan, sud ekspertizasi esa shundan keyingina — 18-iyul kuni oʻtkazilgan.
“Garchi bunday hollarda ekspertizani tezroq oʻtkazish muhim boʻlsa-da, tuman IIB xodimining harakatsizligi va masʼuliyatsizligi tufayli zoʻrlash voqeasidan keyin uch kun yoʻqotildi. U „tasodifan“ ishni kechiktirdimi? Yana qancha zoʻrlash holatlariga indamay turgan ekan? Nega u uchun adolatdan koʻra, zoʻrlovchilarning reputatsiyasi muhimroq? Qanday qilib u huquqni muhofaza qilish organlarida ishlashi mumkin?”, — deya oʻrtaga savol tashlamoqda Nemolchi.uz loyihasi.
Jabrlanuvchining qarindoshlari, shuningdek, ekspertiza natijalari 24-iyul kuni eʼlon qilinganligini xabar qilishdi: biomateriallarda bir nechta namunalar topilgan boʻlsa-da, ish faqat ilgari sudlangan bitta gumonlanuvchiga nisbatan qoʻzgʻatilgan. U Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan (Nomusga tegish) ayblanmoqda, u 5−8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
“Aftidan, kattaqoʻrgʻonlik huquq himoyachilari faqat avval jazo muddatini oʻtab boʻlganlarnigina aybdor qilishga qaror qilgan. Axir, guruh boʻlib nomusga tekkanlik uchun jazo qatʼiyroq”, — deyiladi loyiha xabarida.
Qizning qarindoshlari soʻzlariga koʻra, qolganlar bu ishga jalb qilinmagan. Aytilishicha, ularning ikki nafari Rossiyaga ishlash uchun ketib qolgan.
Nemolchi.uz loyihasi Bosh prokuraturaga ushbu ishni nazoratga olish hamda Samarqand viloyati IIB faoliyatini tekshirishni soʻrab murojaat qilgan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q