OʻzMU prorektori va ayol oʻrtasidagi janjalga rasmiy izoh berildi

Saqlash
14:59 / 05.10.2023 1727 1

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda OʻzMU prorektori va talabaning onasi ishtirokida janjal boʻlayotgani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan universitet maʼmuriyati izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, holat 2023-yil sentabr oyi birinchi oʻn kunligida roʻy bergan. Murojaatchi ayol prorektor qabuliga kirgan va qizi geologiya fakulteti 1-kursi kechki boʻlimga oʻqishga kirganini aytib, talabalar turar joyidan oʻrin ajratish va ish bilan taʼminlashni talab qilgan. Prorektor ayolga kechki taʼlim shaklida tahsil oladigan talabalar uchun yotoqxona yetishmasligi, oʻrinlar kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydigan talabalarni qamrab olganini bildirgan.

“Ayol tushunishni xohlamay, u holda ish bilan taʼminlab berasizlar, deb talab qoʻygan. Prorektor agar imkoniyat topsak, maktablardan ish gaplashib beramiz, deb kerakli tavsiyalarni bergan. Ayol esa farzandiga universitetdan ish hal qilib berish talabini qoʻygan”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, talablari toʻliq qanoatlantirilmagan ayol ketar chogʻida universitet rahbariyati va prorektorni oʻrinsiz haqoratlab ketgan. Kurakda turmaydigan soʻzlar prorektorning nafsoniyatiga tekkan va u ham ayolga nisbatan qoʻpol soʻzlarni ishlatgan. Shu vaziyat murojaatchi tomonidan yozib olingan va “prorektor murojaatchi ayolni haqorat qildi” degan maʼnodagi qismi tarqatilgan. Mazkur vaziyatga prorektor kotibasi, universitet xotin-qizlar qoʻmitasi raisi hamda qabuldagi fuqarolar guvoh boʻlgani aytildi.

Universitet prorektori bilan roʻy bergan ushbu holatda adolatli qaror chiqarish yuzasidan tegishli organ tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat toʻliq oʻrganilib, holatga huquqiy baho berilgunicha hozirda videoda aks etgan prorektor oʻz vazifasidan vaqtincha chetlatildi va uning vazifalari universitetning boshqa masʼul prorektoriga yuklatildi.

Tegishli tekshiruvlardan soʻng prorektorga tashkiliy, intizomiy yoki maʼmuriy chora koʻrish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

1 Izoh

Quddus

23:10 / 06.10.2023

Prorektor yaxshi edi shu paytgacha bunaqa muammolar boʻlmagan bu ayolning qilgan ishi yaxshi emas bunaqa ayollarga insof bersin

Izoh qoldirish

//