Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni professional taʼlim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda professional taʼlim alohida oʻrin tutishi qay etildi. Xususan, taraqqiy etgan davlatlarda oʻquvchilarning 75 foizigacha kasbiy taʼlim bilan qamrab olingan. Mamlakatda ham bu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. Oʻrta boʻgʻin mutaxassislari, asosan, ikki yoʻnalishda – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda 689 ta professional taʼlim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til oʻrgatilmoqda. Oʻquvchilarga bir vaqtda ham oʻqish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual taʼlim” shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz oʻqitilmoqda. Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar oʻrgatilmoqda.
Shu bilan birga, sohada muayyan boʻshliqlar ham borligi aytildi. Ayrim taʼlim dasturlari hayot talabi bilan bogʻlanmagan. Professional taʼlim maktab oʻquvchilarini oʻziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar toʻla ishlatilmayapti. Monomarkazlar oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni toʻliq qondira olmayapti. Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qoʻshimcha imtihon topshiryapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional taʼlim oʻrtasida hamkorlik yoʻq. Chet tillarini oʻrgatish va tasdiqlovchi hujjat berish boʻyicha ishlar yetarli emas.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga oʻqitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada atroflicha axborot berdi. Mazkur takliflarda xorijiy taʼlim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini taʼminlash, oʻquvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga oʻqitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Davlat rahbari ushbu takliflarni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yoʻnalishlar boʻyicha oʻrgatish kerakligi taʼkidlandi.
Kasblar va professional taʼlim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional taʼlim muassasalarini maktab va oliy oʻquv yurtlari bilan uzviy bogʻlash muhimligi aytildi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar taʼlimi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilandi.
Kelgusi oʻquv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega boʻladi. Shuningdek, ilgʻor kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish sifatini taʼminlash mezonlari tatbiq etiladi.
Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida oʻqitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil boʻladi. Mutasaddilarga professional taʼlim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Ali
14:10 / 05.10.2023
Kasb o'rgangan xor bo'lmaydi juda to'g'ri yondashuv