Kollej va texnikumlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi

Saqlash
22:45 / 03.10.2023 1371 0

29-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi qarori [516-son] bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) boʻyicha taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻliq davlat granti asosida taʼlim olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilindi.

Nizomga koʻra, kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablagʻlari respublika budjetidan budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

Kollej va texnikumlarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar oʻquv yilining 10-oktabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

Arizalar taalluqliligi boʻyicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

Hududiy boʻlinmalar har yili 15-oktabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik har yili 20-oktabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar roʻyxatini taalluqliligi boʻyicha tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

Vazirlik va idoralar mazkur roʻyxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun zarur mablagʻ ajratish yuzasidan har yili 25-oktabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablagʻlarni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024-oʻquv yilidan davlat granti asosida taʼlim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//