Oʻzbekistonda temiryoʻl chiptalari narxi oshiriladi

Saqlash
19:46 / 03.10.2023 1492 0

“Oʻzbekiston temiryoʻllari” yoʻlovchi tashish xoʻjaligidagi yoʻlovchi chiptalari narxi oshirilishini maʼlum qildi.

Rasmiy maʼlumot koʻra, 2023-yilning 20-oktabr sanasidan mahalliy yoʻnalishlardagi yoʻlovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari toʻliq narxining 100 foizga oshiriladi.

Yoʻlovchi poyezdlar chipta narxlari soʻnggi marta 2018-yilda mahalliy yoʻnalishlarda, 2019-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdida qayta koʻrib chiqilgan boʻlib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar oʻzgarishsiz qolib kelgan.

2019-2022-yillar va 2023-yilning 9 oyi davomida respublikada ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektr energiyasi va yonilgʻi narxlari, logistika va transport xarajatlari sezilarli darajada oshgan, shuningdek, yoʻlovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temiryoʻl vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
 

“Hurmatli yoʻlovchilar, temiryoʻl xizmatlaridan foydalanayotganingiz uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz hamda temiryoʻl sohasida olib borilayotgan islohotlarni toʻgʻri qabul qilishingizni soʻraymiz”, deyiladi “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//