Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqda Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumanidagi 19-maktab oʻquvchilari maktab direktori tomonidan sholi dalasida ishlashga majburlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi holat yuzasidan maʼlumot berdi. Unga koʻra, ushbu holat boʻyicha yuqoridagi maktab direktori, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi, boʻlimi psixologi va oʻquvchilarning sinf rahbaridan tushuntirish xatlari olinib, voyaga yetmagan oʻquvchilar bilan tegishli mutaxassislar ishtirokida suhbatlashilgan.
Aniqlanishicha, mazkur maktabning 9-“a” sinf oʻquvchilari A.Q., B.Sh., A.O. va B.O. tumandagi “Durdona” mahallasida joylashgan “Ibrohim baliqchi” fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan sholi dalasida dars mashgʻulotlaridan soʻng fermer xoʻjalik rahbari K.X.ning taklifiga asosan maʼlum bir haq evaziga dalada oʻrilgan sholini toʻplash ishlarini bajargan.
“Oʻrganishda, maktab direktori tomonidan voyaga yetmagan oʻquvchilarni majburiy mehnatga jalb qilinganligi holati oʻz tasdigʻini topmadi. Shuningdek, ularni yoshini inobatga olmasdan fermer xoʻjaligida mehnat qilishga yoʻl qoʻyib bergan xoʻjalik rahbarining harakatlariga huquqiy baho berilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Rasmiy munosabatda toʻrt nafar bola dalaga chiqqani keltirilgan. Ammo videoda ular soni koʻproq boʻlganini koʻrish mumkin. Bundan tashqari, videoda videoda aks etgan oʻquvchilar dalaga maktab direktori tomonidan yuborilganini aytgan.
Holat Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. Masʼullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi.
Maʼlumot uchun, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-1-moddasiga koʻra, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarda foydalanish — BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (6,6 million soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q