Shavkat Mirziyoyevning Qatarga davlat tashrifi yakunlandi

Saqlash
14:15 / 03.10.2023 1115 1

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifini yakunladi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz al-Hulayfiy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Davlat rahbari Toshkentga joʻnab ketgan.

Shavkat Mirziyoyev Dohada amir shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan muzokara oʻtkazdi. Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qatʼiy intilish bildirildi.

Muzokaralar yakunida hujjatlar toʻplami imzolandi.

Shuningdek, prezident “EKSPO Doha — 2023” butunjahon koʻrgazmasining ochilishida ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BAA prezidenti shayx Muhammad bin Zayd Ol Nahayon, Iroq, Yaman va qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.

Koʻrgazma “Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit” shiori ostida oʻtkazilmoqda va kelgusi yil mart oyiga qadar davom etadi.

Forum ishtirokchilari atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni rivojlantirish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini joriy qilish, yangi turdagi ekinlarni yetishtirish, innovatsion bogʻlar yaratish va boshqa yoʻnalishlardagi ilgʻor texnologiyalar yutuqlar bilan tanishdi.

Koʻrgazma doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston milliy pavilyonida intensiv dehqonchilik va chorvachilik, ekologik menejment sohalaridagi eng yangi texnologiyalar, mamlakatimiz bogʻdorchilik va oziq-ovqat tarmoqlari taqdimotlari namoyish etilgan.

Tashrif chogʻida davlat rahbari Qatarning yirik investorlari bilan qator uchrashuvlar ham oʻtkazdi.

1 Izoh

Анвар

17:10 / 03.10.2023

Президент Ш. Мирзиёевнинг ташрифини қўллаб-қувватлайман Қатар ҳар томонлама яхши ҳамкор.

Izoh qoldirish

//