Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida 200 ga yaqin tadbir oʻtkazilishi kutilmoqda

Saqlash
23:00 / 30.09.2023 2198 0

Joriy yilning 29-sentabr – 2-oktabr kunlari “Ipak yoʻli durdonasi” XV Xalqaro Toshkent kinofestivali boʻlib oʻtadi.

Mazkur kinofestivalda dunyoning 52 davlatidan 300 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va operatorlar, prodyuser va tahlilchilar ishtirok etadi. Bu yilgi kinofestival “Kino 5 kunda”, “Milliy kino”, “Markaziy Osiyo kinosi” tanlovlari, 100 dan ortiq tadbirlar, taqdimot va namoyishlar, davra suhbatlari va mahorat darslarini oʻz ichiga oladi.

Kinofestival joriy yilgi Kann (Fransiya) kinofestivalida gʻolib topilgan, fransuz rejissyori Jyustin Triyening “Qulash anatomiyasi” (Anatomie DʼUne Chute) filmi bilan ochildi.

Bu yilga kinofestivalga Sami Naseri, Frederik Difental (Fransiya), Emir Kusturitsa (Serbiya), Fedor Bondarchuk (Rossiya), Kshishtoff Zanussi (Polsha), Paula Karruega (Argentina) singari dunyo kinosining taniqli namoyandalari ishtirok etadilar. Kinofestival tadbirlari, kino namoyishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona, Urganch singari yirik shaharlarida oʻtkaziladi.

 

Festival davomida taniqli xorijiy va mahalliy kinoijodkorlar ishtirokida master klasslar va ijodiy uchrashuvlar oʻtkaziladi. Quvonarlisi Respublika boʻylab festivalga taqdim etilgan filmlarning bepul namoyishlari boʻlib oʻtishidir.

Shuningdek, Madaniyat kunlari, Butunjahon kino kunlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kinofestivalini oʻtkazish, filmlar namoyishi va muhokamalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev ham “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Tabrikda Toshkent xalqaro kinofestivaliga boʻlgan eʼtibor va qiziqish dunyo miqyosida tobora ortib borayotgani qayd etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//