Toshkent viloyatida chiqindilarni 2-marta belgilanmagan joyga toʻkkan fuqaroning mashinasi musodara qilinmoqda

Saqlash
17:17 / 29.09.2023 2385 0

Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqaro ikkinchi marta belgilanmagan joyga qurilish chiqindilarini toʻkib ketgani uchun uning yuk mashinasi musodara qilinadigan boʻldi.

Ekologiya vazirligining xabar berishicha, fuqaro Qorasaroy mahallasidan oqib oʻtuvchi suv boʻyiga “Zil” yuk mashinasida qurilish chiqindilarini toʻkib ketgan. Uning bu harakatlari hududdagi xonadonlardan biriga oʻrnatilgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.

Shu sababli fuqaro 7-sentabr kuni BHMning 5 barobari miqdorida, yaʼni 1 mln 650 ming soʻm jarimaga tortilgan.

Ammo oradan 8 kun oʻtib, fuqaro tomonidan bu huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-prim 1-moddasida huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinishi belgilangan.

Shunga asosan uning transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qoʻyilib, musodara qilinishi yuzasidan hujjatlar toʻplanib, sudga daʼvo arizasi kiritilmoqda.

Oʻzbekistonda 2023-yilning 8 oyida chiqindilarni notoʻgʻri joyga tashlash bilan bogʻliq 11 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Shuning 600 dan ortigʻi onlayn kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//