Jamiyat
Oʻzbekistonda endi tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida inson omilisiz imtihon topshiradi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Ilm-fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Ismoilov maʼlumot berdi.
2023/2024-oʻquv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-koʻnikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi.
Muassasalarda ushbu uskunalarni oʻrtanish ishlari olib borilmoqda. Talabalar klinik imtihonlardan oʻta olsa, shifokor boʻlib ishlashiga ruxsat beriladi.
2024/2025-oʻquv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini oʻtkazish tizimi joriy etiladi. 1-bosqichda talabalar fundamental fanlar boʻyicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni oʻzlashtirganlik darajasi baholanadi.
Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga oʻtishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija koʻrsatganlarning esa amaliyotda shifokor boʻlib ishlashiga ruxsat etiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2023/2024-oʻquv yilida klinik ordinatura va internatura yoʻnalishi boʻyicha imtihonlarni tashkil etish maqsadida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari va ularni shakllantiruvchi ekspertlar guruhi tasdiqlandi. 2023-yildan boshlab klinik ordinatura va internaturaga kirish imtihonlari inson omilidan butunlay xoli boʻladi.
Shu paytgacha suhbat asosida oʻtkazib kelingan qabul jarayonlari tugatiladi. Endilikda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tadqiqot institutlarida klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari boʻyicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi.
Bunda har bir talabgor uchun BHMning yarim baravari miqdoridagi toʻlov tegishli tibbiy taʼlim muassasasi tomonidan toʻlab berilishi belgilangan. Qabul jarayonlari yiliga 2 marta tashkil etilishi ham nomzodlar uchun qoʻshimcha imkoniyat beradi.
Yuqorida keltirilgan “Yoʻl xaritasi”ga asosan yetakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura dasturlari asosida tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, davlat tibbiy oliy taʼlim muassasalarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi qator kafedralariga rivojlangan xususiy koʻp tarmoqli tibbiyot muassasalarida oʻquv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Xususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida boʻlganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2 marta amalga oshiriladi.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q