Namanganda kasallangan bolalarning barchasi sogʻayib, uyiga qaytdi – Sogʻliqni saqlash vaziri

Saqlash
16:21 / 27.09.2023 1235 0

Namangan viloyati, Chust tumanida doridan zaharlangani taxmin qilinib, shifoxonaga yotqizilgan bolalarning barchasi sogʻayib, uyiga qaytdi. Bu haqda sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov maʼlum qildi.

“Namanganda zaharlangani aytilgan bolalarning barchasi sogʻayib, bugungi kunda uyiga qaytarilgan. Hech bir bolaning ahvoli ogʻir emas”, – deb Kun.uz uning soʻzlaridan iqtibos keltirdi.

Vazir soʻzlariga koʻra, Namanganda bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bogʻliq holat toʻliq oʻrganib chiqilgan. “Tez orada barcha savollarga javob beriladi”.

Avvalroq Namanganda bolalarning kasallanish holati bilan bogʻliq 450 ta murojaat kelib tushgani, ularning eng koʻpi – 306 tasi Chust tumaniga toʻgʻri kelgani, 143 nafari tuzalib, qolganlari esa muntazam nazorat ostida ekani, ahvoli ogʻirlar yoʻqligi aytilgan edi.

Shu bilan birga, Sogʻliqni saqlash vazirligi Namanganda oʻnlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib koʻrsatilayotgan “Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)” dori vositasi isteʼmolini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha toʻxtatib turish haqida topshiriq bergan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//