“Kompromatuzb ishi” boʻyicha sud hukmi eʼlon qilindi

Saqlash
21:13 / 26.09.2023 1553 0

Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida X. D. (1984-yilda Andijon viloyatida tugʻilgan), S. X. (1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan), A. A. (2004-yilda Andijon viloyatida tugʻilgan) va M. M. (ayol, 1973-yilda Andijon viloyatida tugʻilgan) ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi. BU haqida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov maʼlum qildi.


Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqildi.

Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra:

X. D. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari boʻyicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). X. D. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) 3-qismi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda oʻttatirilishi belgilandi.

S. X. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari boʻyicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). S. X. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda oʻttatirilishi belgilandi.

A. A. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va jinoyat ishining ayrim epizodlari boʻyicha 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). Unga nisbatan 165-moddasi 3-qismi “a” bandi boʻyicha eʼlon qilingan ayblovning qolgan epizodlari Jinoyat kodeksining 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismiga qayta malakalandi. Shu tariqa A. A. Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

M. M. Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi va 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qoʻllab, 59-moddasi tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//