Fargʻonada maktab oʻquvchisi 5 yoshli bolani otib qoʻydi

Saqlash
20:30 / 26.09.2023 1612 0

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida maktab oʻquvchisi 5 yoshli bolani otib qoʻydi. Bu haqda ZoʼrTV telekanalining “Bu kun” dasturida xabar berildi.

 

Tumanning “Karnaychi” mahallasida yashovchi Abdulloh ismli bola uyi orqasidagi xoʻjalikda ishlovchi otasini ovqatlanishga chaqirish uchun oldiga borgan. Shu paytda u mahalladoshining xatosi sabab pnevmatik qurol oʻqiga nishon boʻladi. Gumonlanuvchi qurolda oʻq borligini bilmagan.

 

Shifokorlarning aytishicha, jarrohlik amaliyoti 5 soat davom etgan. Pnevmatik qurolning oʻqi chap oʻpkadan oʻtib, yurakning chap qorinchasiga kirib qolgan.

 

“Yurakni toʻliq toʻxtatgan holda, oʻqni olib tashladik. Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi, hozirda bolaning ahvoli yaxshi”, — dedi shifokor.

 

Hozirda mazkur holat Qoʻshtepa tumani IIB tomonidan tegishli tartibda oʻrganilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//